Welcome to Farg'ona Viloyati Statistika Boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Farg'ona Viloyati Statistika Boshqarmasi Powered By GSpeech

2019-yil 15-noyabr kuni Davlat statistika qo'mitasida Mustafo Dinch boshchiligidagi Jahon banki guruhining texnik yordam missiyasi o'z ishini yakunladi.

2019-yil 4–7-noyabr kunlari Gruziyaning Tbilisi shahrida 2020-yilda Yuqori darajadagi siyosiy forumda O'zbekiston Respublikasi taqdim  etadigan Ixtiyoriy milliy sharhni tayyorlashda tajriba va uslubiyotni almashish bo'yicha “Twinning” dasturida seminar  bo'lib o'tdi.

Ushbu tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okeani bo'yicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (BMT OTOIIK), O'zbekiston va Gruziya tashqi ishlar vazirligi tomonidan tashkil etildi.

O'zbekiston delegatsiyasi tarkibida vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari shuningdek, parlament vakillari, BMTning O'zbekistondagi rasmiy vakolatxonasi vakili ishtirok etdi. Tadbirda, O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasidan Barqaror rivojlanish va ijtimoiy soha tarmoqlari statistikasi bo`yicha yig`ma tahliliy axborotlarni shakllantirish bo`limi boshlig'ining o'rinbosari O.Aleshunina qatnashdi.

4-noyabr kuni Gruziya Tashqi ishlar vazirligida bo'lib o'tgan uchrashuvda Gruziyada ixtiyoriy milliy sharhni (IMSH) tayyorlash uchun materiallar taqdimoti o’tkazildi. Shu bilan birga, Gruziyaning BRM ko'rsatkichlari monitoringgi va IMSHni tayyorlash bo'yicha ma'lumotlarni taqdim etish mexanizmi taqdim etildi.

6-noyabr kuni Gruziya milliy statistika xizmatida O'zbekiston delegatsiyasi vakillari bilan ishchi uchrashuv bo'lib o'tdi. Ishchi yig'ilishni Ijrochi direktor o'rinbosari Lea Dzebizauri ochdi. Uchrashuvda BRM ko'rsatkichlarining shakllanishi va IMSHni tayyorlashda GEOSTATning o'rni muhokama qilindi.

“Twinning” dasturi Ixtiyoriy milliy sharhni tayyorlashda qo'llaniladigan ilg'or tajriba va saboqlarni olish imkonini beradi. “Twinning”  yordamida  a'zo-mamlakatlar 2030-yilgacha bo'lgan davr uchun kun tartibi va Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) amalga oshirishda taraqqiyotni tezlashtirish uchun, hamkorlik munosabatlarni o'rnatish orqali ko'p tomonlama yordamni jalb etish imkoniyatiga ega bo'ldi.

Axborot xizmati

2019-yil 12-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekistonda statistik ma'lumotlarning haqqoniyligi, ishonchliligi va ochiqligini ta'minlash masalalari” mavzusida Parlament eshituvi bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyati va markaziy apparati boshqarma boshliqlari, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mazkur Parlament eshituvida Davlat statistika qo‘mitasi Raisi Begalov Baxodir Abdusalomovich sohani isloh qilish, amaliyotga xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish, eng asosiysi, statistik ma'lumotlarning ochiqligi, oshkoraligi va shaffofligini ta'minlashning huquqiy asoslari yaratib berilgani borasida to‘xtalib o‘tdi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumati tomonidan statistika sohasiga doir qabul qilingan so‘nggi qaror va farmonlar hamda Prezidentimizning 2018-yil 28-dekabrdagi Oliy Majlisga murojaatnomasida statistika sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qator muhim vazifalar belgilab berildi. Shundan kelib chiqib, olib borilgan amaliy ishlar natijasida bugungi kunda qo‘mitaning saytida 20 ta bo‘limda 279 ta to‘plam jadval ko‘rinishida 1 mln dan ziyod makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar e'lon qilib borilmoqda. Foydalanuvchilar hamda keng jamoatchilik uchun 90 dan ziyod tahliliy statistik ma'lumotlar va press-relizlar o‘zbek, rus va ingliz tillarida rasmiy saytda e'lon qilinib, ular asosida markaziy telekanallarda turli infografika videoroliklar ko‘rinishda ma'lumotlar tezkorlik bilan xolisona yoritib borish yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, shakllantirilayotgan statistik axborotlarni xolis va shaffofligini ta'minlash uchun harakatdagi statistik hisob-kitoblarni yuritish uslubiy qo‘llanmalarining 5 tasi takomillashtirildi, 32 ta yangi uslubiy qo‘llanma ishlab chiqildi va amaliyotga joriy qilindi, 17 ta davlat statistika kuzatuvlari shakllariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.

Eng muhimi, statistik ma'lumotlar haqqoniyligi, ishonchliligi va ochiqligini ta'minlashda Axborot kommunikatsiya texnologiyalari funksional imkoniyatlaridan keng foydalanish masalasiga alohida e'tibor qaratilayotgani qayd etildi. 

Jumladan, hozirgi kunda barcha oylik, choraklik va yillik davlat statistik hisobotlarni sub'ektlar tomonidan ye-stat 3.0 Avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali topshirish 100 % yo‘lga qo‘yilgan. Ya'ni, hisobot topshirish jarayonida inson omilining aralashishiga tamomila chek qo‘yilgan.

Shuningdek, ta'kidlanishicha yig‘ma statistik ma'lumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligini ta'minlashda kadrlar salohiyati ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois kadrlar malakasini oshirish, sohaga oid statistik tadqiqotlarni yanada jadallashtirish kun tartibidagi dolzarb masala hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasining  2019-yil 17-avgustdagi 686-sonli qarori bilan qo‘mitaning Kadrlarni qayta tayyorlash va statistik tadqiqotlar markaziKadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutiga aylantirilishi yuqorida keltirilgan masalalarning ijobiy yechimiga ayni muddao bo‘ldi.

Institut tomonidan 5 ta yo‘nalishda, 13 ta statistika sohasiga oid turli dolzarb mavzularda o‘qishlar tashkil etilib, ularda 2019-yilda 1155 nafar tizim xodimlari malakasini oshirishga erishildi.

Shuningdek, joriy yilning o‘tgan davrida 112 nafar tizim xodimlari turli xalqaro darajadagi seminar-treninglarda ishtirok etdi. Ularda olingan xalqaro tajriba va yangi uslubiyotlar qo‘mita foaliyatiga keng joriy qilinmoqda.

Parlament eshituvida ta'kidlanganidek, tizim muammolarini yechish, jumladan statistik ma'lumotlar haqqoniyligi, ishonchliligi va ochiqligini ta'minlash hamda rivojlanish istiqbolini ilmiy asoslangan holda belgilab berish, xodimlar ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida, qo‘mita huzuridagi Institut qoshida “Ekonometrika va statistika” hamda “Iqtisodiyotda axborot tizimlari va texnologiyalari” ixtisosliklari bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilish borasida “Ilmiy kengash” tuzildi. Mazkur kengashning asosiy maqsadi, statistika sohasiga oid ilmiy ishlar va izlanishlarni tizimli ravishda muvofiqlashtirib borish, bu boradagi ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, zamon talabiga javob beradigan yetuk olimlarni yetishtirishga qaratilgan.   

Bundan tashqari, xodimlar bilim va ko‘nikmalarini doimiy ravishda oshirib borish maqsadida har haftada respublikaning yetakchi olimlari, sohaning malakali  ekspertlarini jalb etgan holda ma'naviyat soatlari va ilmiy-metodik seminarlar tashkil etilmoqda.

Yana bir muhim masala, hozirgi kunda respublikamizda inflyasiya darajasini  haqqoniy, ishonchli va ochiq hisob-kitob qilib berish to‘liq yo‘lga qo‘yildi. Bu boradagi hisob-kitob ishlarini yanada takomillashtirish hamda inson omili aralashuvini kamaytirish maqsadida, statistik tanlanma kuzatuvlarni elektron planshetlar orqali o‘tkazish joriy etilmoqda. Ayni kunga qadar, qo‘mita moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda Toshkent shahri, Toshkent, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida narx kuzatuvlarini 100 % planshetlar asosida o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Kelgusida barcha hududlarda kuzatuvlarni planshetlar yordamida o‘tkazish joriy etilishi rejalashtirilgan. Natijada, hududlarda narx-navoni kuzatish on-layn rejimida amalga oshirilib, ma'lumotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘mitaning markaziy serveriga kelib tushadi.

O‘tgan davr ichida foydalanuvchilarning ma'lumotga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida,  8 ta xalqaro tashkilot va 11 ta mamlakat statistika idoralari ma'lumotlar bazalari tarkibi va ularning bu boradagi tajribalari yaqindan o‘rganib chiqildi. Milliy va xorijiy foydalanuvchilar o‘rtasida Internet orqali doimiy tarzda so‘rovlar o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

Axborotda ta'kidlanganidek, yana bir muhim masala – Ochiq ma'lumotlar portalini takomillashtirish, undagi ma'lumotlar tarkibini kengaytirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Jumladan, joriy yil boshida Ochiq ma'lumotlar portalida e'lon qilingan ma'lumotlar to‘plamlari soni 4000 atrofida bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni 6500 dan ziyodga oshirildi.  Portalda  137 ta vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimiyatlar o‘z ma'lumotlarini joylashtirib borishi ta'minlanmoqda.

Parlament eshituvida Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan xalqaro hamkorlik va axborot almashinuvi masalalariga oid amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar borasida ma'lumot berildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunga qadar 8 ta xalqaro moliyaviy-iqtisodiy tashkilotlar bilan sohani rivojlantirish bo‘yicha 38 ta turli yo‘nalishlarda qo‘shma tadbirlar o‘tkazilgan.

Qo‘mita tomonidan MDH Statistika qo‘mitasi, BMT yevropa iqtisodiy komissiyasi, BMT Taraqqiyot dasturi, YUNISEF, YUNFPA, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki va Xalkaro valyuta jamg‘armasi bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Shuningdek, 12 ta halqaro moliyaviy-iqtisodiy tashkilotlar bilan axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilib, ularning maxsus 28 turdagi savolnomalari asosida statistik ma'lumotlarni o‘z muddatida yetkazilishi ta'minlanmoqda.

Parlament eshituvi davomida Davlat statistika qo‘mitasi raisi deputatlar e'tiboriga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasi” to‘g‘risidagi farmonida belgilangan vazifalar ijrosidan kelib chiqib amalga oshirilgan ishlar hamda qo‘mita tomonidan ishlab chiqilgan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi borasida ma'lumotlarni taqdim etdi.

Prezident farmonining mazmun-mohiyati va ahamiyati, unda belgilab berilgangan vazifalarning ijrosini ta'minlash maqsadida, keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. O‘tgan davrda 208 marotaba ommaviy axborot vositalarida chiqishlar tashkil etildi, gazeta va jurnallarda 195 ta maqola chop etildi, respublika bo‘yicha umumiy hisobda 932 ta uchrashuv o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar joyiga chiqqan holda ya'ni, ta'lim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda mahalla yig‘inlarida tashkil etilgani ta'kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida o‘tgan mazkur Parlament eshituvida Davlat statistika qo‘mitasi Raisi Begalov Baxodir Abdusalomovich davlat Dasturi doirasida amalga oshirilgan boshqa masalalar bo‘yicha ham axborot berib o‘tdi.

Yakunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan berilgan savollarga Davlat statistika qo‘mitasi Raisi va mutaxassislari atroflicha javob berib o‘tdi.

Davlat statistika qo‘mitasi  axborot xizmati

2019-yil 24-oktabr kuni Davlat statistika qo‘mitasida “O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish diagnostikasi: qanday qilib ko‘p va qulay sharoitga ega ish joylarni yaratish mumkin?” mavzusida seminar tashkil etildi. Unda qo‘mita markaziy apparati xodimlari ishtirok etdi.

Seminarda Jahon banki guruhining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida makroiqtisodiyot va fiskal boshqaruv bo‘yicha umumiy amaliyot departamenti katta iqtisodchisi Eskender Trushin  mavzu yuzasidan fikr bildirdi.

Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – O‘zbekistondagi iqtisodiy rivojlanish holatiga salbiy ta’sir etayotgan omil va ularni  bartaraf etish yo‘llari borasida amalga oshirilgan tadqiqot ishi natijalari bilan seminar ishtirokchilarini tanishtirish.

Seminar davomida iqtisodiyotning eng dolzarb muammolaridan bo‘lgan –ishsizlik, bandlik, inflyatsiya masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholi jon boshiga Yalpi ichki mahsulot ulushini oshirishda qaysi jihatlarga e’tibor berilish kerakligi, ularning iqtisodiy ahamiyati haqida ham fikr-mulohaza almashildi.

Axborot xizmati

Kadrlar salohiyati, ma’naviyati va ularning huquqiy madaniyati doimiy e’tibor talab etadigan mas’uliyatli vazifadir. Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan bu borada ko‘plab ijtimoiy, ma’rifiy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda.

2019-yil 16-oktabr kuni Davlat statistika qo‘mitasida “Kardlar salohiyatini oshirish va ish faoliyatida yuzaga keladigan muammolarini hal qilish” mavzusida seminar tashkil etildi. Unda qo‘mita markaziy apparati xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirga Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘qituvchisi Dilorom Egrasheva taklif etildi. U yuksak huquqiy ong va kadrlar salohiyati xususida atroflicha so‘z yuritdi.

Seminarni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – kadrlar salohiyati oshirish, xodimlar o‘rtasida do‘stona muhitni qaror toptirish, rahbar kadrlar ish uslubini takomillashtirishdir.

Seminarda jamiyatimizda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish zarurati, jamoat joyida o‘zini tutish qoidalari, muomila madaniyatining salbiy va ijobiy tomonlari haqida so‘z yuritilib, hayotiy misollar yordamida atroflicha tushuntirildi.

Tadbir so‘ngida xodimlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi.

 

Axborot xizmati

Tugmani bosing Tinglash