Welcome to Farg'ona Viloyati Statistika Boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Farg'ona Viloyati Statistika Boshqarmasi Powered By GSpeech

Davlat statistika qo‘mitasining Ochiq ma’lumotlar portali faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Akrom Sultanov 2019 yilning 18-19 may kunlari Bishkek shahrida (Qirg‘iziston Respublikasi) bo‘lib o‘tgan “DataCon Central Asia 2019” ma’lumotlar to‘g‘risidagi hududiy konferensiyada ishtirok etdi.

Mazkur konferensiyaning ishtirokchilari Markaziy Osiyo mamlakatlarining  davlat idoralari, fuqarolik sektori va nodavlat tashkilotlari vakillari bo‘ldi.

Konferensiyaning asosiy maqsadi – ma’lumotlar asosidagi qaysi qarorlar hayot sifatini yaxshilaydi, hozirgi kunda ma’lumotlar sohasida qanday tashabbuslar va loyihalar amalga oshirilmoqda, shuningdek davlat boshqaruvi, biznes va jamiyatni rivojlantirish uchun ma’lumotlardan qanday foydalanish mumkin.

 

Davlat statistika qo‘mitasi Axborot xizmati   

Joriy yilning 14-17 may kunlari Gresiyaning Afina shahrida Yevropa ittifoqi statistika byurosi (Yevrostat) tomonidan kichik hududlarni baholash mavzusida seminar tashkil etildi. Mazkur seminarda O‘zbekiston Respublikasidan Davlat statistika qo‘mitasi Xizmatlar sohasi statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Q.Berdiqulov va Axborot xizmati rahbari – Raisning matbuot kotibi U.Abdurasulovlar qatnashdi.

Shuningdek, seminarda Armaniston, Ozarbayjon, Belarus Respublikasi, Gruziya, Ukraina, Moldova, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston davlatlari milliy statistika idoralarining vakillari, Italiya milliy statistika instituti (ISTAT) o‘qituvchilari hamda Yevropa ittifoqi statistika byurosi ekspertlari ishtirok etdi.

 

Seminar kichik hududlarni baholash bo‘yicha xalqaro tajriba, yangi uslubiyatlar va zamonaviy modellarni o‘rganishga yo‘naltirildi  hamda kichik hududlarni baholash yuzasidan R-dasturiy ta’minotdan foydalangan holda aniq misollar asosida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.  

Axborot xizmati

Joriy yilning 16 may kuni Davlat statistika qo`mitasida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat boshqaruvining ochiqligini ta`minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PQ-4273-sonli qarori doirasida O`zbekiston Respublikasining Ochiq ma`lumotlar portalida davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma`lumotlar to`plamlari ro`yxatini shakllantirish, yuritish va yangilash hamda tegishli axborotlarning o`z vaqtida aks ettirish yuzasidan tashkil etilgan Ishchi guruhining 4-yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Mazkur yig`ilishda, O’zbekiston Respublikasining Ochiq ma’lumotlar portalida joylashtiriladigan ma’lumotlar to’plamlari sifati va sonini oshirish maqsadida, xalqaro ma’lumotlar bazalarini qo’shimcha o’rganib chiqish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.

Axborot xizmati

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi tomonidan 2019 yilning 6-8 may kunlari Jeneva shahrida (Shvetsariya) Atrof-muhit monitoringi va baholash bo’yicha Ishchi guruhning 21-sessiyasi va ekologik ma'lumotlar bo’yicha hududiy konferensiya tashkil etildi.

Mazkur tadbirlarda O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasidan Qishloq xo’jaligi va ekologiya statistikasi boshqarmasi boshlig’i Sh.A.G’ulomov ishtirok etdi. 

 

Tadbirlarda Sharqiy Yevropa, Kavkaz, Markaziy Osiyo, Bosniya va Gersegovina, Bolgariya, Portugaliya, Sharqiy Makedoniya, Serbiya, Turkiya, Finlyandiya, Shvetsariya mamlakatlarining atrof-muhit sohasi bo’yicha mutaxassislari va statistika xizmatlari vakillari, shuningdek Yevropa komissiyasi, Yevropa atrof-muhit agentligi, Ilm va atrof-muhit bo’yicha Milliy kengashi, Sankt-Peterburg davlat universiteti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhit bo’yicha dasturi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasining ekspertlari ishtirok etdilar.

Tadbirlar atrof-muhitni baholash jarayonini qo’llab-quvvatlashda ekologiyaga oid ma'lumotlarni va ko’rsatkichlarni integratsiyalash va modernizatsiya qilish maqsadida oldindan qabul qilingan yoki rejalashtirilgan turli xalqaro, mintaqaviy va milliy tashabbuslarga, atrof-muhit monitoringi va baholashda erishilgan yutuqlarga hamda Sharqiy Yevropa, Kavkaz, Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasini, shuningdek Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo’llarini o’rganishga yo’naltirildi. 

Axborot xizmati

 Aholini dastlab ro‘yxatga olish qadimgi Gresiya, Vavilon, Mesopotamiya, Rim, Xitoy, Yaponiya va Misrda o‘tkazilgan. 
 
Aholidan soliq yig‘ish, ya’ni boj olish hamda harbiy maqsad uchun aholi sonini aniqlash muhim bo‘lgani sababli ham ayni ishlar qilingan. Erkaklarning iqtisodiy o‘rni yuqori bo‘lgani, soliq to‘lashda faqat erkaklar, ya’ni oila boshliqlari qatnashgani bois, asosan erkaklar ro‘yxatga olingan.
Aholini ilk bor rasmiy ro‘yxatga olish 1790 yilda AQShda, keyinchalik 1800 yilda Shvesiya va Finlyandiyada, 1801 yilda Angliya, Daniya, Norvegiya va Fransiyada o‘tkazilgan. Ammo ro‘yxatga olish juda oddiy shaklda bo‘lib, uzoq muddatga cho‘zilgan. AQShda aholini ro‘yxatga olish ishlari 18 oy davomida olib borilgan.
Ikkinchi jahon urushidan keyin aholini ro‘yxatga olish tizimi yanada takomillashtirildi. 1945-1954 yillarda – 151 ta davlatda, 1965-1974 yillarda – 179 ta davlatda aholi ro‘yxati o‘tkazilgan. Hozirgi paytda dunyodagi deyarli barcha davlatda aholini ro‘yxatga olish ishlari olib borilmoqda.
XIX asrga kelib, aholini ro‘yxatga olish juda kengaydi.
Qator Yevropa mamlakatlarida statistika tashkilotlari tuzildi. Aholini ro‘yxatga olish ilmiy dasturlar asosida olib borilishi yo‘lga qo‘yildi. Xususan, 1870-1879 yillarda dunyoning 48 ta, 1890 yillarda esa 57 ta davlatida aholi ro‘yxati o‘tkazilgan. XIX asr oxirida dunyo aholisining 21 foizi ro‘yxatga olingan bo‘lsa, XX asr boshida 54 foiz aholi ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
 
Mamlakatimizda...
 
Respublikamizda demografik jarayonlarning holatini o‘rganishda mamlakat hududida o‘tkazilgan aholi ro‘yxati ma’lumotlari muhim ahamiyat kasb etadi. Manbalarda keltirilishicha, O‘zbekiston hududida dastlabki aholi ro‘yxati 1897 yilda o‘tkazilgan bo‘lib, ushbu ro‘yxat ma’lumotlari XIX asr oxirida O‘zbekistonda mavjud oilalar soni, aholi soni, yoshi va jinsi, etnik tarkibi, tug‘ilish, o‘lim kabi demografik jarayonlar haqida tasavvur hosil qilishga yordam bergan. O‘zbekiston hududida keyinchalik 1926, 1939, 1959, 1970, 1979 va 1989 yillarda aholini ro‘yxatga olish ishlari tashkil etilgan.
Xalqaro tavsiyalarga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olishni markazlashtirish, ro‘yxatga olishning muntazamligi, maxsus tayyorlangan mutaxassislar – hisobchilar tomonidan o‘tkazilishi, aniq bir muddatda o‘tkazish, belgilab qo‘yilgan aniq dasturining mavjudligi va tadbirni unga qat’iy rioya qilgan holda o‘tkazish, aholining to‘liq qamrab olinishi, ma’lumotlarning maxfiyligi va shaxsiylashtirilishi, ixtiyoriylik kabi tamoyillarga asoslanadi.
 
Ma’lumot berishdan bosh tortganlar uchun jarima bor
 
Buyuk Britaniyada har galgi aholini ro‘yxatga olishdan taxminan bir yil avval bunga doir alohida qonun hujjati qabul qilinadi. Bu qonunda aholini ro‘yxatga olish uslubiga aniqlik kiritiladi, muddati va buning uchun ajratiladigan mablag‘ miqdori belgilanadi. Buyuk Britaniyada aholini ro‘yxatga olish har o‘n yilda odatda aprel oyida o‘tkaziladi. Bu sananing tanlanishi mamlakatda aholi o‘rtasida ommaviy tadbirlarning o‘tkazilishi uchun ob-havo qulay bo‘lishi bilan izohlanadi.
Mamlakatda aholini ro‘yxatga olishga jalb qilinadigan ijtimoiy xodimlarga qat’iy talablar qo‘yiladi. Ular maxsus kurslarda tayyorgarlikdan o‘tishlari shart. Bu xodimlar ro‘yxatga olish boshlanishidan uch kun avval o‘z hududlaridagi aholini so‘rov varaqasini to‘ldirish bilan tanishtirib chiqishi talab qilinadi.
AQShda 1790 yildan buyon har 10 yilda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazib kelinadi. Aholini ro‘yxatga olish mamlakatning ko‘p asrlik qonunchilik asosiga tayanadi.
Polshaning 1999 yildagi Aholi ro‘yxati to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq, mamlakat fuqarolari ro‘yxatga oluvchi hisobchini xonadoniga kiritib, uning savollariga javob berishi yoki so‘rovnoma varag‘ini o‘zi to‘ldirishi mumkin. Lekin aholini ro‘yxatga olish tartib-qoidalaridan batafsil tanish bo‘lmagan fuqarolar uchun bu oson bo‘lmagan, sababi aholi ro‘yxatini o‘tkazish yo‘riqnomasi 200 varaqdan iborat bo‘lgan.
Polshaning har bir fuqarosi so‘rovnoma savollariga to‘la va haqqoniy javob berishi shart. Ma’lumot berishdan bosh tortish uchun jarima to‘lanadi, yolg‘on ma’lumot berganlik uchun esa ozodlikdan mahrum etilishi ham mumkinligi belgilab qo‘yilgan.
 
Aholini ro‘yxatga olishning nozik vaqti
 
Aholini ro‘yxatga olishni aniq bir muddatda o‘tkazish tadbirini amalga oshirishga odatda 10-12 kun talab etiladi. Aholini ro‘yxatga olish bir necha kun davomida o‘tkazilsa ham, ma’lumotlar aniq bir vaqtda – ko‘pincha aholini ro‘yxatga olish birinchi kunining 0 soatdagi holati bo‘yicha qayd etiladi. Bu aholini ro‘yxatga olishning nozik vaqti, deb ham ataladi.
Masalan, chaqaloq aholini ro‘yxatga olish davrida, ammo ana shu aniq muddatdan keyin tug‘ilgan bo‘lsa, u aholi ro‘yxatiga kiritilmaydi. Lekin kimdir bu aniq nozik muddatda hayot bo‘lib, shundan keyin, ya’ni aholini ro‘yxatga olish davrida vafot etsa, u aholi ro‘yxatiga kiritiladi.
O‘zbekistonda Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida qonun qabul qilinmagan bo‘lsada, Prezidentimizning joriy yil 5 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmagan. Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish ishlari keng qamrovli tadbir bo‘lib, ketma-ket hamda bir vaqtning o‘zida tegishli tadbirlarni amalga oshirish mumkin bo‘lgan bosqichlar belgilangan. Chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.
 
Aholini ro‘yxatga olish tadbiri bizga nima beradi?
 
– Ma’lum bir sanada aholining aniq soni (yoshi va jinsi tarkibi, fuqaroligi, milliy tarkibi (keng qamrovli), barcha aholi punktlari bo‘yicha soni, oilaviy ahvoli, ma’lumot darajasi, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, mehnat resurslari, iqtisodiy faol aholi, bandligi (kasbi va mutaxassisligi) va ishsizligi, daromad olish manbalari, nogironligi bo‘yicha batafsil ma’lumot olinadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Usmon Abdurasulov. – Aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni hisoblashda ishlatiladi, aholi migratsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantiriladi. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot tarzida foydalaniladi. Statistika idoralari tomonidan tashkil etiladigan tanlama kuzatuvlarni tashkil etishda ma’lumotlar bazasi sifatida qo‘llaniladi va monitoring yuritishga xizmat qiladi. Aholi punktlarining infratuzilmasini yaxshilash, mehnat resurslaridan foydalanish, joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda qo‘llanadi.
Bunday ma’lumotlar ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni prognoz qilish, bandlik sohasidagi siyosatni belgilash, ijtimoiy siyosat va aholi salomatligi bo‘yicha dasturlarni yaratishda, shuningdek, davlat hokimiyati organlarining vazifalarini bajarishi, fan va jamiyatni axborot bilan ta’minlash uchun zarurdir.
 
UzA
Tugmani bosing Tinglash