Welcome to Farg'ona Viloyati Statistika Boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Farg'ona Viloyati Statistika Boshqarmasi Powered By GSpeech

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori 

Shu bilan birga, olis va qishloq aholi punktlarida, turistik va rekreatsion hududlarda, magistral avtomobil va temir yoʻllari boʻyida telekommunikatsiya infratuzilmasini, shuningdek, Internet tarmogʻiga simsiz keng polosali ulanish tarmoqlarini rivojlantirish surʼatlari yetarli emas. Telekommunikatsiya tarmoqlarini jadal rivojlantirishga salbiy taʼsir etuvchi omillarni bartaraf etish, elektron davlat xizmatlarining ommabopligini taʼminlash, shuningdek, hududlarda raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi uchun zarur infratuzilmani yaratish maqsadida:

1. Belgilab qoʻyilsinki: telekommunikatsiya tarmoqlari, qurilmalari, vositalari va obyektlari, operatorlar va provayderlarning mobil aloqa bazaviy stansiyalari, shu jumladan, ijaraga beruvchilarning hududlarida ijara asosida oʻrnatilgan stansiyalar (keyingi oʻrinlarda – telekommunikatsiya obyektlari) mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obyektlari hisoblanadi; muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obyektlari, shu jumladan, kabel kanalizatsiyasi, past tokli kabel shaxtalari, telekommunikatsiya qurilmalarini oʻrnatish uchun maydonlar va infratuzilmalar bilan taʼminlanmagan jamoat, sanoat, turar joy, maʼmuriy binolar va inshootlarni qurish hamda foydalanishga qabul qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, loyiha-smeta hujjatlari 2019 yil 1 iyulgacha tasdiqlangan binolar va inshootlar bundan mustasno; telekommunikatsiya obyektlarini koʻchirish, qayta oʻrnatish, shuningdek, ularning faoliyatiga uchinchi shaxslar tomonidan har qanday aralashish yuzaga kelgan muammolarni hal etishning boshqa imkoniyatlari mavjud boʻlmagan hollardagina hamdafaqat mazkur obyektlarning egasi bilan kelishilgan holdaamalga oshiriladi. Bunda telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining telekommunikatsiya obyektlarini koʻchirish yoki qayta oʻrnatish, ularni sozlash ishlarini amalga oshirish boʻyicha xarajatlari mazkur oʻzgarishlarning tashabbuskori tomonidan toʻliq hajmda qoplanadi; binoda yashovchilardan telekommunikatsiya xizmatlarini taqdim etishga ariza mavjud boʻlganda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga bino ichida telekommunikatsiya tarmoqlarini past tokli kabel shaxtalari, telekommunikatsiya qurilmalarini oʻrnatish uchun maydonlar va infratuzilmadan begʻaraz asosda foydalangan holda oʻtkazishni rad etishga yoki toʻsqinlik qilishga haqli emaslar, mobil aloqa baza stansiyalarini oʻrnatish bundan mustasno.

2. 2019 yil 1 avgustdan shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq:

a) davlat-xususiy sheriklik shartlarida olis va qishloq aholi punktlarida joylashgan byudjet tashkilotlari uchun telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratishni taʼminlagan telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga, mobil aloqa operatorlaridan tashqari, 10 yil davomida quyidagilar kafolatlanadi: ularning xizmatlaridan olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari foydalanishi; “Oʻzbektelekom” AK tomonidan Internet tarmogʻiga kirish xizmatini ulanish joyidan qatʼi nazar yagona tarif boʻyicha taqdim etilishi; olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari tomonidan mazkur tashkilotlarga, shuningdek, ushbu hududdagi aholi va boshqa yuridik shaxslarga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan telekommunikatsiya vositalarini oʻrnatish uchun maydonlar va infratuzilmalarni begʻaraz asosda taqdim etish;

b) telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining foyda soligʻi hamda yagona soliq toʻlovini hisoblashda soliq solinadigan baza olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari uchun muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obyektlarini yaratishga yoʻnaltirilgan mablagʻlar summasiga kamaytiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlariga, ular telekommunikatsiya tarmoqlariga ulanganidan soʻng, ularning buyurtmalari boʻyicha telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanishlari uchun zarur mablagʻlarni ajratsin.

3. Belgilansinki: Wi-Fi texnologiyasi boʻyicha simsiz maʼlumotlar uzatish uchun signal quvvatidan qatʼi nazar 2400-2483,5 MGs va 5000-5999MGs radiochastota polosalarida ekspluatatsion yigʻim va radiochastota spektridan foydalanganlik uchun toʻlov undirilmaydi; davlat koʻchmas mulkidan telekommunikatsiya obyektlarini oʻrnatish uchun foydalanganlik ijara toʻlovining eng kam stavkalari, oshiruvchi koeffitsiyentlarni qoʻllamagan holda, “simli elektr aloqasi”dan foydalanish maqsadi boʻyicha stavkaga teng miqdorda qoʻllaniladi.

4. Telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga 2019 yil 1 iyuldan boshlab davlat subdomenida (gov.uz) joylashtirilgan axborot resurslariga kirishda ishlatiladigan trafik uchun haq olmaslik tavsiya etilsin.

5. Telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga 2022 yil 1 yanvarga qadar telekommunikatsiya obyektlarini qurish-montaj ishlarini, radioelektron vositalarni oʻrnatish maydonchalarini (joylarini) oʻrnatilgan tartibda kelishgandan soʻng, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan parallel ravishda amalga oshirishga istisno tariqasida ruxsat etilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda jamoat, maʼmuriy, turar joy va sanoat maqsadlaridagi binolar va inshootlarni loyihalashga topshiriqlarni hamda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va kelishish bosqichlarida majburiy tartibda quyidagi talablarni koʻzda tutsinlar: binolarda telekommunikatsiya obyektlarini oʻrnatish uchun tegishli maydonlar va infratuzilmalarni, ularga elektr taʼminotini keltirgan holda, ajratilishini; binolar ichida telefoniya, maʼlumotlar uzatish va Internet tarmoqlari, kabel televideniye va efir televideniyasini jamoaviy qabul qilish tizimlari, shuningdek, “xavfsiz uy” va qoʻriqlash signalizatsiyasi kabellarini oʻtkazish uchun past tokli kabel shaxtalari mavjudligini; turar joy, jamoat, maʼmuriy va sanoat hududlarida telekommunikatsiya liniyalarini yotqizish va telekommunikatsiya obyektlarini (telekommunikatsiya shkaflari, antenna minoralari, machtalari va boshqalar) oʻrnatish uchun tegishli yer uchastkalari ajratilishini.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi: telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga telekommunikatsiya obyektlarini oʻrnatishga har taraflama koʻmak bersin, shuningdek, zaruratga koʻra, ularning temir yoʻllar boʻyidagi elektr tarmoqlariga ulanishini taʼminlasin; yoʻl-transport infratuzilmasini qurish va kapital taʼmirlashda bir vaqtda temir yoʻllari boʻylab, shuningdek, zaruratga koʻra, avtomobil yoʻllari boʻylab kelgusida telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga ijaraga berish uchun telekommunikatsiya kanalizatsiyasini qurishni koʻzda tutsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi: Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratish hamda olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlarga, shuningdek, aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarga xizmat koʻrsatish boʻyicha loyihalarni davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshirish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin; ikki oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va har bir viloyat markazlarida tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan, telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining server hamda telekommunikatsiya qurilmalarini zamonaviy maydonchalarda joylashtirish boʻyicha xizmatlar majmuasini taqdim etuvchi xosting va trafik almashuvi markazlarini tashkil etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlasin; har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portalida keng polosali ulanish va mobil Internet qamrovi zonalari toʻgʻrisida hududlar kesimidagi maʼlumotlarni chop etib borsin.

9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining murojaatlari asosida olis va qishloq aholi punktlarida, turistik va rekreatsion zonalarda, magistral avtomobil va temir yoʻllari boʻylarida doimiy foydalanish (yoki uzoq muddatli ijara) huquqida telekommunikatsiya tarmoqlarini, shu jumladan, optik-tolali aloqa liniyalarini, antenna minora va machtalarini hamda telekommunikatsiya obyektlarini oʻrnatish xonalarini qurish uchun yer uchastkalarining oʻz vaqtida ajratilishini taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda ilgʻor xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda mobil aloqa va simsiz ulanish qurilmalaridan turli chastotalardagi elektromagnit nurlanishi taʼsiri xavfsizligining sanitariya qoidalari va meʼyorlarini qayta koʻrib chiqsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi “Oʻzbekenergo” AJ bilan birgalikda olis va qishloq aholi punktlarida, turistik va rekreatsion zonalarda, magistral avtomobil va temir yoʻllar boʻylarida quyidagilarni oʻz vaqtida taʼminlab borsin: telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari murojaatlari boʻyicha telekommunikatsiya obyektlarini elektr tarmoqlariga ulash; viloyatlar va tumanlar markazlaridagi mobil aloqa tarmoqlari bazaviy stansiyalarini hamda telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining markaziy bogʻlamalarini, teleradioeshittirish obyektlarini elektr tarmoqlaridan oʻchirilmaydigan toifali obyektlar qatoriga kiritish; elektr tarmoqlari tayanch ustunlariga telekommunikatsiya tarmoqlarini begʻaraz asosda oʻrnatishga (osishga) ruxsat berish.

12. 2022 yil 1 yanvarga qadar yuridik shaxslar tomonidan olib kiriladigan telekommunikatsiya vositalari ilovaga muvofiq bojxona toʻlovlarini toʻlashdan (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) ozod etilsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlaridagi turistik obyektlarda bosqichma-bosqich, shu jumladan, 2019 yilda davlat-xususiy sheriklik shartlarida Internet tarmogʻidan simsiz foydalanish boʻyicha ommaviy nuqtalarni tashkil etsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni xarid qilishga texnik topshiriqlarni kompleks ekspertizadan oʻtkazish va tegishli xulosa berishni ular kiritilgan sanasidan boshlab ikki hafta muddatda taʼminlasin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:

ilgʻor xalqaro tajribani inobatga olgan holda telekommunikatsiya obyektlarini olib kirish, loyihalash, qurish va foydalanishga qabul qilishda ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish va qisqartirish; qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J.Ramatov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                           Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019 yil 22 may

 

 

O'zA

Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 16 aprelda qabul qilingan

Senat tomonidan 2019 yil 3 mayda ma’qullangan

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir. Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

lokal tarmoq – elektr, issiqlik energiyasini yoxud biogazni tashish (uzatish) va (yoki) taqsimlash uchun mustaqil ravishda ishlovchi elektr, issiqlik va (yoki) gaz tarmog‘i;

mikro va kichik gidroelektrostansiyalar – elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun suv oqimlarining tabiiy harakati energiyasidan foydalanuvchi, o‘rnatilgan quvvati tegishincha 0,2 MVt va 30 MVtgacha bo‘lgan to‘g‘onsiz gidroelektrostansiyalar;

qayta tiklanuvchi energiya manbalari – atrof-muhitda tabiiy holda qayta tiklanuvchi quyosh, shamol energiyasi, yer harorati (geotermal), suv oqimlarining tabiiy harakati, biomassa energiyasi;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish – ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik, qidiruv, joriy etish, loyihalash, qurilish-montaj ishlari va foydalanishga doir ishlar, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarish, uni tashish, to‘plash, realizatsiya va iste’mol qilish bilan bog‘liq faoliyat;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar – qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarishni amalga oshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxslar;

qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalari – qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarish, energiyani qabul qilib olish, o‘zgartirish, to‘plash va (yoki) uzatish, shuningdek hisobga olish bo‘yicha texnologik asbob-uskunalar majmuasi, texnologik va (yoki) butlovchi asbob-uskunalar;

qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar – qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yuridik shaxslar.

2-bob. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasini tartibga solish

4-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat: qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilash va chora-tadbirlarni amalga oshirish; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish; mamlakatning energetika xavfsizligini mustahkamlash, yoqilg‘i-energetika balansining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda elektr, issiqlik energiyasi va biogaz ishlab chiqarishga doir qismini diversifikatsiyalash; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasiga innovatsion texnologiyalarni, ilmiy-texnikaviy ishlanmalarni joriy etishni, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining energiya jihatdan samaradorligini oshirishni, ularning ishlab chiqarilishini kengaytirishni va mahalliylashtirishni rag‘batlantirish; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishning sinab ko‘rilgan texnologiyalari asosida energiya ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga tadbirkorlik sub’ektlarini jalb etishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilarni, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

5-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.

6-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi: qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi fundamental, amaliy, innovatsion tadqiqotlarni rivojlantirish, shuningdek ilmiy-texnikaviy yutuqlarni targ‘ib qilish uchun sharoitlar yaratadi; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida xalqaro hamkorlikni muvofiqlashtiradi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida o‘z vakolatlari doirasida: Elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’ektlarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash reglamentini; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilarni, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibini; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiya bozorida qulay raqobatbardoshlilik hamda ishbilarmonlik muhiti shakllantirilishini rag‘batlantiruvchi narx va tarif siyosatini; qayta tiklanuvchi energiya manbalari resurslarining davlat hisobini yuritish tartibini belgilab beruvchi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi.

7-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi). Maxsus vakolatli davlat organi: qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi; davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi texnik reglamentlarni, normalar va qoidalarni o‘z vakolatlari doirasida ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarining va boshqa dasturlarning bajarilishi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi; O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilarni, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiya bozorida narx va tarif siyosatiga doir masalalar yuzasidan takliflar kiritadi; qayta tiklanuvchi energiya manbalari resurslarining, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiyaning va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining davlat hisobini yuritadi; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasiga innovatsion texnologiyalar, ilmiy-texnikaviy ishlanmalar joriy etilishiga ko‘maklashadi; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiya bozorida qulay raqobatbardoshlilik hamda ishbilarmonlik muhiti shakllantirilishini rag‘batlantiruvchi narx va tarif siyosatini takomillashtirish asosida amalga oshiradi; iqtisodiyot tarmoqlariga va maishiy sektorga qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi resurslarni va energiyani tejovchi ilg‘or texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish yuzasidan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.

8-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi vakolatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari: qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi hamda amalga oshiradi; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida energiya jihatidan samarador, energiyani tejovchi va innovatsion zamonaviy texnologiyalarning yaratilishi hamda joriy etilishiga, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining ishlab chiqarilishini tashkil etishga ko‘maklashadi; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qiladi; qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini joylashtirish uchun yer uchastkalari ajratish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi.

 9-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi ilmiy-texnikaviy va innovatsion ta’minot

Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqarishni, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni ilmiy-texnikaviy hamda innovatsion jihatdan ta’minlash davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

10-modda. Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda fuqarolarning qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga doir tadbirlardagi ishtiroki

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolar: qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etishi; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishga ko‘maklashishi; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi mumkin.

11-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilarning va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqaruvchilarning huquqlari

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega: qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi soliq, bojxonaga oid hamda boshqa imtiyozlar va preferensiyalardan foydalanish; lokal tarmoqni (elektr, issiqlik va (yoki) gaz tarmog‘ini) yaratish; lokal tarmoq (elektr, issiqlik va (yoki) gaz tarmog‘i) orqali yetkazib beriladigan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan elektr, issiqlik energiyasi va (yoki) biogazni realizatsiya qilish uchun yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzish.

12-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilarning va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqaruvchilarning majburiyatlari

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar: qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqarish chog‘ida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi texnik reglamentlarga, normalar va qoidalarga rioya etishi; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiyaning alohida hisobini yuritishi shart.

3-bob. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish

13-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida investitsion, ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshiruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida davlat tomonidan quyidagicha qo‘llab-quvvatlash amalga oshiriladi: qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida soliq, bojxonaga oid hamda boshqa imtiyozlar va preferensiyalar belgilash; qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida innovatsion texnologiyalar yaratish va ularni qo‘llashga ko‘maklashish; qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining yagona elektr energetikasi tizimiga kafolatli ulanishini ta’minlash; elektr energiyasining yagona xaridori va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan kelishilgan holda hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilardan elektr energiyasini xarid qilish uchun shartnomalar tuzish huquqini berish. Foydalanilishi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish samaradorligini salmoqli tarzda oshiradigan qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini import qilish chog‘ida yuridik va jismoniy shaxslarga soliqlar hamda bojxona bojlariga doir imtiyozlar berilishi mumkin.

14-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi imtiyozlar va preferensiyalar

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini (nominal quvvati 
0,1 MVt va undan ortiq bo‘lgan) o‘rnatganlik uchun mol-mulk solig‘ini to‘lashdan hamda ushbu qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘ini to‘lashdan ular foydalanishga topshirilgan paytdan e’tiboran o‘n yil muddatga ozod etiladi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran besh yil muddatga soliqning barcha turlarini to‘lashdan ozod etiladi. Amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan yashash uchun mo‘ljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar egaligidagi mol-mulkka qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilgan oydan e’tiboran uch yil muddatga jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i solinmaydi. Amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan yashash uchun mo‘ljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilgan oydan e’tiboran uch yil muddatga yer solig‘idan ozod etiladi. Energiya yetkazib beruvchi tashkilot tomonidan berilgan amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan holda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotnoma ushbu moddaning uchinchi va to‘rtinchi qismlarida ko‘rsatilgan imtiyozlarni berish uchun asos bo‘ladi.

4-bob. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishning o‘ziga xos xususiyatlari

15-modda. Elektr energiyasini ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishning o‘ziga xos xususiyatlari

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan shaxsiy ehtiyojlar uchun elektr energiyasi ishlab chiqarilgan taqdirda, ruxsat beruvchi hujjatlar olish talab etilmaydi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilar blok-stansiyalar shartlari asosida, shuningdek hosil qilinayotgan elektr energiyaning maksimal qiymati ko‘rsatilgan  holda tanlov asosida yagona elektr energetikasi tizimiga ulanishi mumkin. Blok-stansiya iste’molchilarning yagona elektr energetikasi tizimiga bevosita yoki iste’molchilar elektr tarmog‘i orqali ulangan hamda operativ-dispetcherlik boshqaruvi tizimiga kiradigan elektr stansiyasi hisoblanadi. Amaldagi elektr tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va (yoki) kengaytirish uchun zarur bo‘lgan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ulash bilan bog‘liq xarajatlarni ularning egasi amalga oshiradi, yagona elektr energetikasi tizimiga ulanish nuqtasigacha bo‘lgan xarajatlarni esa, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchi amalga oshiradi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilarga qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini yagona elektr energetikasi tizimiga o‘zboshimchalik bilan ulash taqiqlanadi. Lokal elektr tarmog‘ini barpo etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini unga ulash qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Elektr energiyasi iste’molchilarini qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilarning lokal elektr tarmog‘iga ulash shartnoma shartlari asosida amalga oshiriladi.

16-modda. Issiqlik energiyasini ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishning o‘ziga xos xususiyatlari

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan shaxsiy ehtiyojlar uchun issiqlik energiyasi ishlab chiqarilgan taqdirda, ruxsat beruvchi hujjatlar olish talab etilmaydi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchilarga qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini hududiy va magistral issiqlik tarmoqlariga ulash taqiqlanadi. Lokal issiqlik tarmog‘ini barpo etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini unga ulash qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchilarning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Issiqlik energiyasi iste’molchilarini qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchilarning lokal issiqlik tarmog‘iga ulash shartnoma shartlari asosida amalga oshiriladi.

17-modda. Biogazni ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishning o‘ziga xos xususiyatlari

Biogaz mahsulotlarning, chiqindilarning hamda kelib chiqishi o‘simlik va hayvonotga mansub qoldiqlarning, sanoat va kommunal-maishiy chiqindilarning biologik jihatdan parchalanadigan moddalardan iborat bo‘lgan biomassasidan ishlab chiqariladi. Biomassadan shaxsiy ehtiyojlar uchun biogaz ishlab chiqarilgan taqdirda, ruxsat beruvchi hujjatlar olish talab etilmaydi. Biomassadan biogaz ishlab chiqaruvchilarga qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini hududiy va magistral gaz tarmoqlariga ulash taqiqlanadi. Lokal gaz tarmog‘ini barpo etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini unga ulash biomassadan biogaz ishlab chiqaruvchining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Biogaz iste’molchilarini biomassadan biogaz ishlab chiqaruvchilarning lokal gaz tarmog‘iga ulash shartnoma shartlari asosida amalga oshiriladi.

5-bob. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida davlat hisobi, elektr energiyasining tariflari

18-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari resurslarining davlat hisobi 

Maxsus vakolatli davlat organi aholining va birinchi navbatda markazlashtirilgan energiya ta’minoti tizimlaridan uzoqda joylashgan hududlarning energetikaga oid hamda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish uchun O‘zbekiston Respublikasi hududidagi qayta tiklanuvchi energiya manbalari resurslarining davlat hisobini amalga oshiradi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari resurslarining davlat hisobini yuritish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

19-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiyaning va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining davlat hisobi

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiyaning va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining davlat hisobi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan yuritiladi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan va iste’mol qilinadigan energiyaning butun hajmi hisobga olinishi shart. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiyaning va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining davlat hisobi quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi: qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan va iste’mol qilinadigan energiyaning hisobi hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining soni aniqligini, to‘g‘riligini ta’minlash; qayta tiklanuvchi energiya manbalarining energetik salohiyatini va ulardan foydalanish samaradorligini baholash; manfaatdor shaxslarni qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish istiqbollari to‘g‘risida xabardor qilish va investitsiyalarni jalb etish. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiyaning va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining davlat hisobi qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini joylashtirishning aniq va ehtimol tutilgan maydonchalari to‘g‘risidagi, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar, foydalaniladigan qayta tiklanuvchi energiya manbalari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining quvvati haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

20-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan elektr energiyasiga doir tariflar

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan elektr energiyasiga doir tariflar tanlov savdolari asosida belgilanadi. Yakuniy iste’molchilar uchun elektr energiyasiga doir tariflarni shakllantirishda barcha ishlab chiqarish manbalaridan, shu jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasini xarid qilish bo‘yicha barcha xarajatlar hisobga olinadi.

6-bob. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, muvofiqlikni baholash va ushbu sohadagi talablar

21-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va muvofiqlikni baholash

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va muvofiqlikni baholash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiya va ishlab chiqariladigan qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalari sertifikatlashtirilishi lozim, bundan shaxsiy ehtiyojlar uchun foydalaniladigan shunday energiya va qurilmalar mustasno.

22-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi talablar

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi faoliyat ushbu sohadagi texnik reglamentlar, normalar va qoidalarga, ekologik, sanitariya, shaharsozlik normalari va qoidalariga, ishlarni xavfsiz yuritish talablariga rioya etgan holda amalga oshirilishi kerak.

23-modda. Axborotdan foydalanish

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar, texnik reglamentlar, norma va qoidalar, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga doir innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar hamda texnologiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida va maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

7-bob. Yakunlovchi qoidalar

24-modda. Nizolarni hal etish

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi. 

25-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

26-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin. 

27-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi: hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

28-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

 

 O‘zbekiston Respublikasining

Prezidenti                                  Sh. Mirziyoev

 

 

O'zA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-may kuni elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.
 
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati maʼlum qildi.
 
Hayot sifati oʻsishi bilan aholi orasida va iqtisodiyot tarmoqlarida elektrotexnika mahsulotlariga talab tobora oshib bormoqda. Jahon miqyosida bunday tovarlar eksporti hajmi 2 trillion 500 milliard dollardan oshib, yiliga 10 foiz oʻsish kuzatilmoqda.
 
Bu soha mamlakatimiz iqtisodiyotida alohida oʻringa ega. Ichki bozor, muassasa va xonadonlar yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan taʼminlangan. Oʻtgan yili, masalan, tarmoq korxonalarida 2 mingdan ortiq turdagi 9 trillion 600 milliard soʻmlik tovarlar chiqarilgan.
 
Shu bilan birga, sohaga keng sharoitlar yaratilganiga qaramay, katta miqdorda elektrotexnika buyumlari import ham qilinyapti. Mintaqa bozorida mamlakatimizning eksport ulushi esa yetarli emas.
 
Yigʻilishda eksport-import konyunkturasini oʻrganish asosida elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, yangi mahsulotlarni oʻzlashtirish va raqobatbardoshligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasiga 2022 yilgacha ishlab chiqarish hajmini ikki baravarga oshirish hisobiga importni optimallashtirish va eksportni 500 million dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.
 
Prezidentimiz buning uchun xomashyoni chuqur qayta ishlab, qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish zarurligini taʼkidladi.
 
Hozirda misdan tayyorlanayotgan mahsulotlarning 50 foizidan koʻprogʻi oddiy simdan iborat. Shuni chuqur qayta ishlab, mis trubkalar, internet va aloqa kabellari tayyorlansa, jahon bozorida qimmatroq sotiladi. Maishiy texnikalar, qurilish, sanoat va meditsina uchun zarur asbob-uskunalar hamda ehtiyot qismlar ishlab chiqarish borasida ham salohiyat yetarli ekani qayd etildi.
 
Mahsulotlar eksportida transport xarajatlarini kamaytirish zarurligi taʼkidlandi.
 
Yigʻilishda import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar koʻlamini kengaytirish, ularning tannarxini kamaytirish masalasi muhokama qilindi.
 
Ishlab chiqarishda qoʻllanilayotgan koʻpgina ehtiyot qismlar import qilinayotgani, bu tannarxning qimmatlashiga olib kelayotgani koʻrsatib oʻtildi. Muzlatgich va isitish uskunalari, kompyuter texnologiyalari, mobil aloqa vositalari, quyosh panellari va boshqa yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishni keng yoʻlga qoʻyish orqali yurtimiz korxonalarining ichki bozordagi oʻrnini yanada mustahkamlash zarurligi taʼkidlandi.
 
Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasiga yangi mahsulotlarni oʻzlashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
 
Yurtimiz mahsulotlariga ichki va tashqi bozorda barqaror talabni shakllantirish, davlat xaridlari va sanoat kooperatsiyasidan keng foydalanish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Ayniqsa, qurilish, energetika, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, avtomobilsozlik kabi tarmoqlarda ichki kooperatsiyani kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.
 
Xorijiy bozorlarga kirib borish uchun tashqi hamkorlikni ham rivojlantirish muhim. Shu bois jahonga mashhur “brend”lar bilan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, mahsulotlarni xalqaro standartlar asosida sertifikatlash tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar berildi.
 
Ishlab chiqaruvchilarga yaratilgan sharoitlar tahlil qilinar ekan, bu borada erkin savdo zonalari muhim oʻrin tutishi qayd etildi. “Navoiy” va “Jizzax” erkin iqtisodiy zonalarida yangi loyihalarni joylashtirish, “Termiz” erkin savdo zonasini tashkil etish boʻyicha takliflar bildirildi. Tarmoqni jadal rivojlantirish, ishlab chiqaruvchilar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida zamonaviy infratuzilmaga ega elektrotexnika texnoparklari tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.
 
Yigʻilishda berilgan topshiriqlar yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
 

 

OʻzA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Mehnatga haq toʻlash miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish hamda mehnatga haq toʻlash, pensiyalar tayinlash hamda soliqlar, davlat bojlari, jarimalar, yigʻimlar va boshqa toʻlovlarni undirish oʻrtasidagi shartlarning bogʻliqligini bartaraf etish maqsadida:

1. 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab ish haqining eng kam miqdori oʻrniga:

577 170 soʻm miqdorida mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori;

202 730 soʻm miqdorida bazaviy hisoblash miqdori;

202 730 soʻm miqdorida pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori joriy etilsin.

2. Belgilab qoʻyilsinki:

a) mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori:

1,0 tarif koeffitsiyenti boʻyicha Mehnatga haq toʻlashning yagona tarif setkasi birinchi razryadi boʻyicha oylik tarif stavkasining puldagi ifodasi hisoblanadi;

mehnat munosabatlari sohasida lavozim maoshi, ustamalar, qoʻshimcha haq, gonorar, qoʻshimcha ish uchun kompensatsiya toʻlovlari va ragʻbatlantiruvchi tusdagi toʻlovlarning boshqa turlari, shuningdek, qonunchilikda belgilangan ushlanmalar, ilgari eng kam ish haqiga nisbatan belgilab qoʻyilgan boshqa toʻlovlar miqdorini aniqlashda hamda oilalarning ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga muhtojligi va ishsizlik boʻyicha nafaqalar miqdorini aniqlashda qoʻllaniladi;

belgilangan mehnat normalarini toʻliq bajargan xodimlar mehnatiga haq toʻlashning quyi chegarasi sifatida tashkiliy-huquqiy shakli va mehnat munosabatlaridan qatʼi nazar barcha ish beruvchilar uchun majburiy hisoblanadi;

b) bazaviy hisoblash miqdori:

soliqlar, yigʻimlar, jarimalar, davlat bojlari va koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari uchun boshqa toʻlovlarning miqdorlarini;

tadbirkorlik faoliyatining muayyan turi bilan shugʻullanish uchun patent, litsenziya va boshqa toʻlovlarning qiymati, tashkilotlarning ustav va boshqa fondlari (kapitali) miqdori, pulsiz shaklda toʻlanadigan aksiyalar, boshqa qimmatli qogʻozlarning qiymati, yuridik shaxslar aktivlarining balans qiymati, mikrokreditlar va lizing, shuningdek, boshqa moliyaviy-iqtisodiy koʻrsatkichlarning cheklangan miqdorini aniqlashda qoʻllaniladi;

v) pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori pensiya taʼminoti sohasida pensiyalar, ustamalar, qoʻshimcha haq va kompensatsiya toʻlovlari, shuningdek, xodimlarning mehnatda mayib boʻlishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki ular oʻzlari mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda sogʻligʻining boshqacha tarzda shikastlanishi sababli yetkazilgan zararni qoplashda qoʻllaniladi.

3. Belgilansinki:

eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan ustamalar, qoʻshimcha haq, mukofotlar hamda boshqa kompensatsiya va ragʻbatlantiruvchi tusdagi toʻlovlarning barcha turlari mazkur toʻlovlarning soʻmda ifodalangan amaldagi miqdorlarini saqlab qolgan holda qayta hisob-kitob qilinadi (zarur hollarda koʻp tomonga yaxlitlanadi);

qonun hujjatlarida mazkur Farmonning 2-bandida nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash, pensiyalar va boshqa toʻlovlar miqdorlarini aniqlashning boshqa tartibi oʻrnatilishi mumkin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:

Mehnatga haq toʻlashning yagona tarif setkasini qayta koʻrib chiqish hamda nafaqalar, kompensatsiyalar va toʻlovlarning alohida turlari miqdorlarini mutlaq summada belgilash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

mazkur Farmon talablaridan kelib chiqqan holda Mehnatga haq toʻlashning yagona tarif setkasini qoʻllash hamda tashkilotlarda mehnatga soatbay haq toʻlash tizimini belgilash boʻyicha metodik tavsiyalarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

 

5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik
va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

 

Vazirlik va idoralar uch oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.

6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                                 Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019 yil 21 may

 

O'zA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 may kuni Toshkent shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2018 yil 21 dekabr kuni boʻlib oʻtgan navbatdan tashqari sessiyasida poytaxtimizni yirik ishbilarmonlik markaziga aylantirish, investitsiyalarni faol jalb qilib, zamonaviy korxonalar tashkil etish boʻyicha vazifalar belgilangan edi. Shunga muvofiq, joriy yil 4 yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrini infratuzilmaviy rivojlantirishga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. 

Bugungi kunda poytaxtimizda kichik sanoat zonalari va texnoparklar infratuzilmasidan samarali foydalanib, yuqori texnologiyali quvvatlarni tashkil etish, qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda. Bu masala davlatimiz rahbarining doimiy eʼtiborida turibdi. 

13 may kuni Prezident huzurida boʻlib oʻtgan yigʻilishda ham toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda Toshkent shahrida zamonaviy sanoat korxonalari tashkil etish ishlari tahlil qilingan edi. 

Avval berilgan topshiriqlarga muvofiq, Toshkent shahrida amalga oshirish uchun umumiy qiymati 617 million AQSH dollaridan ziyod 19 ta yangi investitsiya loyihasi ishlab chiqildi. 

Ahamiyatlisi shundaki, ushbu loyihalarning barchasi sanoat sohasiga oid boʻlib, ular ijrosi natijasida 10 mingdan ortiq ish oʻrni yaratiladi. Har yili qariyb 1 milliard dollarlik bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish, 290 million dollardan ziyod eksport qilish imkoniyati paydo boʻladi. 

Loyihalar qoʻshimcha qiymati va mahalliylashtirish darajasi yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan. Keng turdagi maishiy texnika, lift va eskalatorlar, nasoslar, suv isitgichlar, qogʻoz, qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy kimyo vositalari, zargarlik va shisha buyumlari shular jumlasidandir. 

Investorlar va tashabbuskorlar oʻz loyihalari yuzasidan taqdimotlar oʻtkazdi. Ushbu korxonalar Toshkent mexanika zavodining hozirda foydalanilmayotgan bino va maydonlarida tashkil etiladi. Ular 2019-2020 yillar davomida ishga tushiriladi. 

Prezidentimiz ushbu loyihalar shaharning mavjud infratuzilmasidan samarali foydalangan holda bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish, aholini ish bilan taʼminlash jihatidan muhimligini taʼkidlab, ularni tezroq ishga tushirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Mutasaddilarga xaridorgir sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha umumiy qiymati kamida 1 milliard dollar boʻlgan qoʻshimcha loyihalar shakllantirish vazifasi qoʻyildi.

 

 

OʻzA

Tugmani bosing Tinglash