Welcome to Farg'ona Viloyati Statistika Boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Farg'ona Viloyati Statistika Boshqarmasi Powered By GSpeech

Keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga va uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim iqtisodiy islohotlar, yaratilayotgan qulay investitsion muhit chet ellik sarmoyadorlarni O‘zbekistonda o‘z biznesini yuritishga bo‘lgan qiziqishini oshirmoqda. Bu jihat viloyatimizda ham turli yo‘nalishlarda o‘z aksini topayotgani diqqatga sazovordir.

Kecha viloyat hokimining Farg‘ona tumanidagi Qabullar uyida Janubiy Koreyalik yirik tadbirkor “DONG-A ELECTRIC” kompaniyasi rahbari janob Tae Woo Kim va viloyat hokimi SH.G‘anievning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi V.Fen ham ishtirok etdi.

Viloyat hokimi mehmonga Farg‘ona zaminida ko‘rishib turganligidan xursandligini hamda tashrif uchun minnatdorligini bildirdi. U qadrli mehmonga Farg‘ona viloyatining qulay geografik xususiyati va sarmoya kiritish uchun muhim bo‘lgan imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi. U o‘z so‘zida Janubiy Koreya O‘zbekistonning dunyo davlatlari ichida eng yaqin va ishonchli hamkorlaridan biri ekanligini, ikki mamlakat Prezidentlari o‘rtasidagi uchrashuvlar har ikki xalq hayotida muhim yangiliklarga asos bo‘layotganini e’tirof etdi.

Janob Tae Woo Kim ham samimiy qabul uchun, iliq, do‘stona va o‘zaro ishonchga qurilgan suhbat uchun minnatdorchilik izhor qildi. U so‘zida o‘zbek xalqi koreys xalqi boshiga og‘ir kunlar tushganida hamdard bo‘lganligini, koreys oilalarini qabul qilib ularni emin-erkin yashashlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berganligini tarixdan yaxshi bilishini, bu munosabatlarni qadrlashini ta’kidlab o‘tdi. Bugungi kunda ham O‘zbekistonda ko‘plab koreyslar o‘zbek xalqi bilan elkama-elka turib mehnat qilayotganlarini, emin-erkin yashab O‘zbekistonni o‘z ona-Vatani deb e’zozlashlariga guvoh bo‘lganligini qayd etdi.

“DONG-A ELECTRIC” kompaniyasi yirik kompaniyalardan bo‘lib, jahonning 28 ta davlatida filiallari mavjud. Kompaniya ishlab chiqarish, distribyutorlik, xizmatlar provayderligi bilan shug‘ullanadi. Farg‘onada qurilishi mo‘ljallangan elektr sanoati korxonasi elektrotexnika bo‘yicha respublikamizda yagona zavod bo‘ladi. Farg‘ona viloyati Tojikiston, Qirg‘izistonning chegaradosh viloyatlari bilan birga 8 ta viloyatning 30 million aholisini qamrab oladi. Unda 7000 xil turdagi mahsulot ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.

Muzokaralar davomida tashkil etilajak korxona istiqboli va uning- to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishida bino, uzluksiz elektr energiyasi, qulay joylashuv, suv, gaz va boshqa kommunikatsiyalar haqida kelishib olindi. SHundan so‘ng muzokara ishtirokchilari viloyat hokimligi huzuridagi kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyasining Farg‘ona shahar kichik sanoat zonasidagi binolarni borib ko‘rdilar. Investorga ko‘rsatilgan bino va joy ma’qul bo‘ldi. Martabali mehmon  o‘sha erda OAVlarga intervyu berdi.

- O‘zbekistonga kelishimdan maqsadim – O‘zbekistonda elektr jihozlari ishlab chiqaradigan zavod qurmoqchiman. Farg‘onada butun boshqa viloyatlarga mahsulot tarqaladigan katta zavod qurish rejamiz bor. Agar muzokaralar natijasida kelishuvga erishsak, ish faoliyatimizni to‘liq yo‘lga qo‘ya olsak, kelgusida jahon andozalariga to‘liq javob beradigan etti ming xildagi elektrotexnika jihozlarini ishlab chiqaramiz, - dedi investor. Bu yirik sanoat korxonasi mintaqada yagona bo‘lishiga urg‘u berdi.

CHet ellik hamkorlar bilan kelishuv va muzokalar viloyat hokimligidagi qabullar uyida davom etdi. Muzokaralar so‘ngida Janob Tae Woo Kim va viloyat hokimi SHuhrat G‘aniev tomonidan “DONG-A ELECTRIC” kompaniyasining elektrotexnika jihozlari zavodini Farg‘onada qurish uchun memorandum imzolandi.

 

Manba: FARG‘ONA VILOYATI HOKIMLIGI
RASMIY VEB SAYTI

Farg‘ona viloyati hokimligi qabullar uyi binosida viloyat hokimi SHuhrat G‘aniev Wuxi Tianran Agriculture and Forestry Technology kompaniyasi direktori Rui Pong boshchiligida CHao Fenxua, Ren Rong, Xiang YAnliang, Xin Xianlardan iborat Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan bir guruh tadbirkorlarni qabul qildi.

Uchrashuvda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari, “Sayqal” korxonasi rahbari Abdurahmon Niyozov, viloyat hokimligi xodimlari va OAV vakillari ishtirok etdilar.

Jiangsu provinsiyasining Osi shahridan kelgan Rui Pong o‘z korxonasi haqida ma’lumot berdi. Wuxi Tianran Agriculture and Forestry Technology asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘rganish, etishtirish va qayta ishlash bilan shug‘ullanadi. YAngi uzilgan meva-sabzavotlarni saqlash, ishlov berish asosiy faoliyatlariga kiradi. Farg‘onaga kelishdan maqsad, bu erdagi eksportga etishtiriladigan gilos mahsulotini sotib olish va uni qayta ishlashdir.

-2017 yilda Pekin shahridagi yarmarkada birinchi marta O‘zbekiston giloslarini ko‘rganman, ular ekologik tozaligi va yirikligi hamda mazasi bilan bizga yoqadi, - deydi Rui Pong. – Farg‘onada  qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining katta hajmdagi bazasi borligini bilamiz. Bizda esa bunga yirik bozor bor. Bu yil yangi gilos xarid qilishni boshlaymiz. Ammo gilosni Xitoyga etkazib borishda muammo bor. YA’ni samolyotda olib ketish uchun sizning bojxona xizmatingizdan o‘tishi kerak bo‘lib, hozirda bojxona tekshiruvi asbob-uskunalari yo‘q. Farg‘ona aeroporti bizga yaqin. Farg‘ona-SHanxay reysi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xitoy-SHarq aviakompaniyasi orqali mahsulotni olib ketishimiz mumkin.

Viloyat hokimi SH.G‘aniev xitoylik tadbirkorlarning tashrifidan mamnun ekanligini aytib, ularning takliflarini ma’qulladi.  Farg‘onada o‘z bizneslarini boshlashlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berishini bildirdi.

Delegatsiya a’zolari avvaliga 8 tonna gilos sotib olish, keyin esa uni qayta ishlash bilan shug‘ullanish istagini bildirdilar. SHuningdek, uchrashuv chog‘ida quritilgan va qadoqlangan o‘zbekiston giloslaridan namunalar namoyish qilindi.

Muzokara so‘ngida SH.G‘aniev “Farg‘ona” Xalqaro aeroporti hamda viloyat bojxona xizmati xodimlariga Xitoyga gilos eksportida qulaylik yaratish uchun kerakli topshiriqlar berdi. Natijada “Sayqal” korxonasi rahbari A.Niyozov bilan birgalikda qo‘shma korxona tuziladigan bo‘ldi. Bugungi kunda Davlatimiz rahbari ham bunday hamkorlik siyosatini qo‘llab-quvvatlab, tadbirkorlarga keng  imkoniyatlar yaratib bermoqda.  

Eslatib o‘tamiz, viloyat hokimi yaqinda Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” Xalqaro Forumida ishtirok etgan edi. Bunda Syan, Gongkong, SHanxay va boshqa shaharlar rahbarlari bilan muloqotda bo‘lib, kelgusi hamkorlik uchun rejalar tuzgan edilar.

 

Manba: FARG‘ONA VILOYATI HOKIMLIGI
RASMIY VEB SAYTI

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari hamda avval berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishish maqsadida 6 may kuni Fargʻona viloyatiga keldi.

 

 
Mamlakatimizning izchil taraqqiyoti, inson manfaatlari yoʻlida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samaralari Fargʻona viloyatida ham oʻz ifodasini topmoqda. Viloyat ahli sanoat, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi, qurilish, xizmat koʻrsatish sohalarida fidokorona mehnat qilib, Vatanimizni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishga munosib hissa qoʻshmoqda.
 
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 12-13 iyun kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha muhim vazifalarni belgilab bergan edi. Oʻtgan davr mobaynida mazkur masalalarning ijrosiga alohida eʼtibor qaratildi.

 

Viloyat iqtisodiyotiga oʻtgan yilda 152,7 million dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya jalb etildi. Joriy yilda Investitsiya dasturiga kirgan 13 ta hamda qoʻshimcha shakllantirilgan 30 ta loyihalar doirasida 315,7 million dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilishi rejalashtirilgan. Birinchi chorak davomida 66,5 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi. Fargʻona shahrida “Winchemical”, “Listem - Fergana” kabi qoʻshma korxonalar ishga tushirildi. 21 ta korxonada sanoat, servis va qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi loyihalarni amalga oshirilishiga erishildi.

Viloyatda joriy yilda “Obod qishloq” dasturi asosida 31 ta qishloqda keng qamrovli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur hududlarda istiqomat qiluvchi 77 mingdan ziyod aholining turmush farovonligini yanada yaxshilash maqsadida aniq chora-tadbirlar belgilangan. 

“Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi asosida oʻtgan davrda tijorat banklari tomonidan 286 nafar yosh tadbirkorning biznes loyihasi uchun 33 milliard 798 million soʻm imtiyozli kredit ajratildi. Tuman-shaharlardagi har bir sektorlarda 76 ta “Yoshlar mehnat guzari” tashkil etish uchun bino va yer maydonlari ajratilib, tashabbuskor tadbirkorlar jalb qilindi. Qoʻshtepa tumani va Quvasoy shahrida “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazi bunyod etilmoqda. Shuningdek, joriy yilning oʻtgan davrida 29 nafar yosh tadbirkorlarga 7,5 milliard soʻmlik imtiyozli kreditlar ajratildi.

Prezidentimizning navbatdagi tashrifi davomida ham viloyatni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalarning amalga oshirilishi, avvalgi tashrifda bergan topshiriqlarning ijrosi, aholining talab-ehtiyojlari bilan bevosita tanishish koʻzda tutilgan. 

Manba: FARG‘ONA VILOYATI HOKIMLIGI
RASMIY VEB SAYTI

Юртимиз тараққиётини янги босқичга кўтаришда фаол инвестиция сиёсатини юритиш билан бир қаторда, мамлакатимизда “валюта манбаи”га айланган экспорт ҳажмларини кўпайтириш, жаҳон ареналарида ўзбек маҳсулотларининг ўзига хос ўрнини эгаллаш, ташқи бозор конюктурасини ўрганган ҳолда экспорт географиясини кенгайтиришга ҳам алоҳида эътибор қаратилмоқда.

Жумладан, жорий йилнинг 20 февраль куни Президентимиз раҳбарлигида экспорт прогноз кўрсаткичларини бажарилиши мавзусига бағишлаб ўтказилган видеоселекторда мева-сабзавот маҳсулотларини экспорт қилиш билан бир қаторда эндиликда уларни қайта ишлаш орқали юқори қўшилган қийматга эга бўлган экспортбоп маҳсулотларни ишлаб чиқаришга кучли урғу бериш, бунинг учун эса замон талаблари ҳамда хориж тажрибаси, капитали иштирокида ҳудудларда қайта ишлайдиган замонавий корхоналарни ташкил этиш бўйича кўрсатмалар бериб ўтилди.

Мазкур топшириқ ижросини таъминлаш мақсадида жорий йилнинг 25-31 март кунлари вилоят ҳокимлиги котибият мудири Н.Тилаволдиев, Сўх тумани ҳокимининг инвестиция масалалари бўйича ўринбосари А.Жўрабоев бошчилигидаги боғдорчилик, сабзавотчиликка ихтисослашган фермер хўжаликлари ҳамда мева-сабзавот маҳсулотлари  экспортерларидан иборат 17 кишилик вилоят делегацияси Туркия Республикасида хизмат сафарида бўлиб қайтишди.

Мазкур ташриф вилоят ҳокимлиги, Туркиянинг ҳамкорлик ва мувоффиқлаштириш агентлиги (TIKA) ҳамда Ўзбекистон-Туркия Ишбилармонлар ассоциасияси (UTID) томонидан ташкил этилди.

Шу ўринда таъкидлаш лозимки, Туркия аҳолисининг 20 фоизга яқини қишлоқ хўжалиги ва озиқ овқат саноатида фаолият кўрсатади. 2018 йилда қарийб 62,3 миллиард АҚШ долларлик қишлоқ хўжалиги ва озиқ-овқат маҳсулотлари етиштирилди. Мазкур мамлакат қишлоқ хўжалик маҳсулотларини етиштириш бўйича дунёда
7-ўринни эгаллайди. Қуритилган анжир ва ўрик, фундук, майиз етиштириш бўйича эса дунёда биринчи ўриндадир. Шунингдек, Туркия асал етиштиришда ҳам етакчилик қилади. Бир йилда бу давлатда 18,5 миллион тонна сут, 35,3 миллион тонна дон маҳсулотлари, 30,3 миллион тонна сабзавот, 18,9 миллион тонна мева, 1,9 миллион тонна парранда гўшти, 1,2 миллион тонна гўшт маҳсулотлари етиштирилади.

Туркия қишлоқ хўжалиги маҳсулотларини  Шарқий Европа, Яқин Шарқ ва Шимолий Америкага экспорт қилишда олдинги қаторларда. Ўтган йили Туркия томонидан 193 та давлатга қарийб 19 миллиард долларлик қишлоқ хўжалик маҳсулотлари экспорт қилинган.

Ташриф давомида мева-сабзавотларни музлатишга ихтисослашган Узгоркей, Марташ, мева-сабзавотларни қуритишга ихтисослашган Папаган, консерва ва мева-шарбаатлари, мурабболар ишлаб чиқаришга ихтисослашган Бурса Арома, Улудаг, мевалардан ширинликлар тайёрлайдиган Сенер каби компанияларига борилди.

Делегация аъзоларига мазкур корхоналарнинг фаолияти тўғрисида батафсил маълумотлар беришди, бевосита  ишлаб чиқариш жараёни билан танишилди, фойдаланиладиган хом-ашёга бўлган талаблар ва маҳсулотлар сифати ҳамда маҳсулотларни сотиш, экспорт қилиш бўйича маслаҳатлар олинди.

Туркиялик мутахассислар маҳсулотларни етиштиришда сифат масаласига алоҳида эътибор берилиши лозимлиги, ISO, Halol, Kosher, BRC Food, BSCI каби сертификатлар олиш дунё бозорига чиқиш учун муҳим омил эканлигини айтиб ўтишди.

Туркиялик ҳамкасблар ва европаликлар нигоҳида Ўзбекистон ўзининг тоза тупроғи, табиий маҳсулотлари билан машҳур. Айнан шунинг учун биз бу хусусиятларни сақлаб қолсак, мураккаб рақобат муҳитида етакчи ўринларни эгаллаб, ўз маҳсулотимизни дунё бозорида харидорбоп бўлишини таъминлашимизни таъкидлашди. Шунингдек ташриф давомида Туркия Республикасида катталиги бўйича 2-ўринда турувчи Бурса шаҳрининг савдо-саноат палатасига бордик. Палатанинг вице президенти жаноб Мурат Байизит ва бошқа раҳбарлар билан расмий учрашув бўлиб ўтди. Учрашув давомида туркиялик ҳамкорларга Ўзбекистонда амалга оширилаётган мисли кўрилмаган ислоҳотлар, қулай инвестицион муҳит ва Фарғона вилоятининг қишлоқ хўжалиги бўйича салоҳияти, истиқболлари бўйича маълумотлар берилди.

Мева ва сабзавотларни қайта ишлашга мўлжалланган Учкўприк туманидаги “Valley Mountans Fresh” МЧЖ 2016 йилда вилоят ҳокими эътибори ва ташаббуси билан банкрот бўлган корхона негизида ташкил топган, – дейди мазкур корхона раҳбари Раҳмонназар Охчаев. – Туркияда йўналишимиздаги катта завод ва корхоналарда бўлиб, қуритиш ва қадоқлаш бўйича тажриба орттирдик. Тайёр маҳсулотлар ишлаб чиқариш бўйича янги технологиялар олиб келиш ҳақида келишиб олдик. Жаннатмакон юртимиз неъматларини дунёга экспорт қилиш ниятидамиз.

Томонлар манфаатли ҳамкорлик қилишга, ўз навбатида Туркия томони Фарғона вилоятига қишлоқ хўжалиги маҳсулотларини қайта ишлаш бўйича ноу-хау, янги технологияларни таништириш учун малакали мутахассислар томонидан маслаҳатлар кўрсатишга тайёр эканлигини таъкидлаб ўтишди.

 

Манба: FARG‘ONA VILOYATI HOKIMLIGI
RASMIY VEB SAYTI

Xalqaro hunarmandchilik festivaliga tayyorgarlik doirasida taʼmirlanayotgan “Dasturxonchi” madrasasidan qadimiy hunarmandchilik namunalari topildi.

Madrasani asl koʻrinishiga qaytarish maqsadida tom qismini yangidan qoplash, fasad qismlarini yangilash bilan bir qatorda hujralar va hovli qismini zax oʻtishini oldini olish uchun 50 santimetr chuqurlikda kavlashga kirishgan quruvchilar qadimgi hunarmandchilik sanʼati namunalarini topdilar.

Kapital rekonstruksiya ishlarining borishi bilan tanishish asnosida tarixiy obidaga tashrif buyurgan shahar hokimi Maʼrufjon Usmonov topilma koʻzalarni qaysi davrga oid ekanligini aniqlash maqsadida ilmiy tadqiqotlarni olib borish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.

Qoʻqon Oʻlkashunoslik muzeyi ilmiy xodimi Yaxyoxon Dadaboyevning dastlabki oʻrganishlari asosida qilgan xulosalari shuki, koʻzalar “Dasturxonchi” madrasasi qurilgan paytdan oldingi davrga taalluqli ekani haqida darak bermoqda. Bu noyob topilmalar, albatta, Qoʻqonda hunarmandchilik qadimdan keng rivoj topganiga yana bir dalil boʻla oladi.

Topilmalar qaysi davrga tegishli ekanligi va ularni yoshini aniqlash kabi ilmiy izlanishlar davom etmoqda.

 

Manba: FARG‘ONA VILOYATI HOKIMLIGI
RASMIY VEB SAYTI

Tugmani bosing Tinglash