Welcome to Farg'ona Viloyati Statistika Boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Farg'ona Viloyati Statistika Boshqarmasi Powered By GSpeech
Надрукувати

Yurtimizda milliy armiyamizning jangovar salohiyatini oshirish, zamonaviy va professional armiyani shakllantirishga qaratilgan keng ko’lamli islohotlarning yangi talqini sifatida O’zbekiston ilk marotaba «Yo’l patruli» musobaqasiga mezbonlik qilyapti.

Qo’qon shahrida joylashgan harbiy qismda «Yo’l patruli» bahslariga rasman start berildi. Musobaqaning ochilish marosimini tantanali va bayramona ruhda tashkil etish uchun bir necha kun davomida qizg’in tayyorgarlik olib borildi.

Dastlab saf maydoniga polkovnik Zafar Bozarboyev boshchiligidagi hakamlar jamoasi taklif etildi. Shundan so’ng davraga O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining ikki jamoasi qadam bosdi. «Yo’l patruli» musobaqasi debyutanti bo’lgan Belarus' Respublikasi jamoasi podpolkovnik Sergey Kipet' boshchilida kirib keldi. Musobaqaning ikki karra chempioni Rossiya Federatsiyasi vakillarini esa jamoa sardori podpolkovnik Yevgeniy Belyaev boshlab chiqdi.

Maydonga O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’i hamda xalqaro armiya o’yinlari bayrog’i olib kirilgandan so’ng Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov xorijlik mehmonlarni O’bekistonga tashrifi bilan qutlab, «Yo’l patruli» musobaqasini ochiq deb e’lon qildi. Shundan so’ng davlatimiz madhiyasi sadolari ostida O’zbekiston bayrog’i ko’tarildi.

Farg’ona viloyati xokimi Shuhrat G’aniyev, Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasi rahbari general-mayor Vitaliy Kox va Belarus’ Respublikasi delegatsiyasi rahbari polkovnik Valeriy Geyts ham barchani qutlab, musobaqaning ahamiyati va Farg’ona xalqining mehmondo’stligi haqida aytib o’tishdi.

Tantanali ochilish marosimi davomida yig’ilganlarga Qurolli Kuchlarimizdagi maxsus texnikalarning ko’rgazmali chiqishi havola etildi. O’z kasbining ustasi sanalgan yurt o’g’lonlari texnikalarning yuqori imkoniyatlaridan foydalangan holda, o’z mahoratlarini namoyish etishdi. Mudofaaga ko’maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Аndijon, Farg’ona, Namangan viloyatlari bo’limlari o’quvchilari ham sport texnikalari bilan tadbir ishtirokchilarining olqishlariga sazavor bo’ldi. Yosh kartingchilar, O’zbekiston chempionlari – 11 yoshli Yasmina Egamberdieva hamda 9 yoshli Oyatullo Аbduqodirov o’z texnikasini saf maydoni markazida to’xtatib, barchaga ta’zim qilgani barchani birdek hayajonlantirdi.

Farg’onalik dorbozlar ham butun tadbir davomida xorijlik mehmonlar va yig’ilganlarga o’z san’atlarini havola qilishdi.

Ilhom Ibrohimov, Yahyobek Mo’minov kabi taniqli san’atkorlar, yosh xonandalar, bolalar guruhlari, Farg’ona harbiy orkestri, «Sudarushka» hamda «Novel» foliklor ansambli ijrosidagi kontsert dasturi, raqslar tantanali ochilish marosimiga ko’tarinki bayramona ruh bag’ishladi.

Axborot xizmati

Tugmani bosing Tinglash