Welcome to Farg'ona Viloyati Statistika Boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Farg'ona Viloyati Statistika Boshqarmasi Powered By GSpeech
Надрукувати

Fargʼona viloyati Uchkoʼprik tumani Mehnatobod qishlogʼida “Uchkoʼprik ipagi” masʼuliyati cheklangan jamiyati ish boshladi.

Bu yerda atlas va adras, gilam kabi oʼn turdagi ipakli mahsulotlar tayyorlash hamda eksport qilish rejalashtirilgan.

— Bir necha bosqichdan iborat boʼlgan biznes-rejaning dastlabki bosqichida hududdagi koʼp qavatli uylarda yashovchi 25 nafar xotin-qizlar uchun muqim ish oʼrinlari yaratildi, — deydi jamiyat rahbari Аbduhafiz Mamajonov.

— Korxonamizning ilk mahsulotlarini qoʼshni Tojikistonga eksport qilish boʼyicha shartnoma imzolandi. Аyni kunlarda Turkiya, Eron, Xitoy hamda Yevropa bozorlaridagi talab va taklif oʼrganilmoqda. Tabiiy ipak matodan tayyorlangan mahsulotlarga Osiyo va arab davlatlarida qiziqish juda katta.

Ozuqa bazasi yaratish uchun korxona hududidagi 5 gektar yerda Xitoy tajribasi asosida tut plantatsiyasi tashkil etildi. Tadbirkorning biznes-rejasiga koʼra, keyingi bosqichda xalqaro avtomagistralь boʼyida joylashgan korxona tasarrufida avtokemping, mehmonxona, xizmat koʼrsatish va servis shoxobchalari faoliyatini yoʼlga qoʼyish koʼzda tutilmoqda. Shuningdek, ekoturizm uchun uzum va gilos bogʼlari barpo etish, tuyachilik, asalarichilik singari tarmoqlarni rivojlantirish maqsadida dastlabki saʼy-harakatlarga kirishildi.

— Oʼtgan qisqa vaqt mobaynida “Ustoz-shogird” anʼanasi asosida yangi ish boshlayotgan xotin-qizlar bu kasb sir-asrorlarini oʼrgandi, — deydi margʼilonlik mashhur hunarmand Gulchehra Mamatova. – Ishonamanki, bu yerda toʼqilayotgan nafis ipak matolar nafaqat yurtimizda, balki jahon bozorlarida ham oʼz xaridoriga ega boʼladi.

Uchkoʼprik tumani “Аgropilla” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Koʼpaysinxon Nazarovaning maʼlum qilishicha, keyingi yillarda tumanda pillachilik serdaromad sohaga aylanib bormoqda. Bu yil ipak qurti urugʼi taʼminoti toʼliq mahalliylashtirilib, toʼrt marotaba hosil olishga erishildi. Birinchi hosilning oʼzida 150 tonna pilla yetishtirildi.

Hozirgi kunda tumanda 2 ming 600 nafardan ziyod ipak qurti boquvchi kasanachilar roʼyxati shakllantirilgan boʼlib, 100 gektardan ortiq tut plantatsiyalari mavjud. Pillachilikda klaster tizimi joriy etilayotgani tufayli xom ashyoni tayyor mahsulotga aylantirish va eksport qilishgacha boʼlgan barcha jarayonlarni oʼzaro uygʼunlashtirish imkoniyati yaratildi. 

— Dunyoda tabiiy ipak matolarga boʼlgan qiziqish tobora ortib borayotganini inobatga olib, yaqin istiqbolda viloyatning bu boradagi salohiyatini yanada oshirish zarur,

— deydi viloyat “Аgropilla” masʼuliyati cheklangan jamiyati raisi Maʼsudjon Qosimov. — Shu maqsadda yaqin kunlarda Beshariq, Dangʼara va Toshloq tumanlarida ham xuddi shu kabi korxonalarni ishga tushirish boʼyicha izchil saʼy-harakatlar olib borilyapti.

Joriy yilning sakkiz oyida fargʼonalik pillakorlarning viloyat eksportiga qoʼshgan ulushi 3 million 887 ming АQSh dollarini tashkil etdi. Yil oxiriga qadar eksport hajmini sezilarli darajada koʼpaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Shu yilning dekabrь oyida Rossiya poytaxti – Moskva shahrida xalqaro ipak matolari savdo koʼrgazma yarmarkasi oʼtkazilishi rejalashtirilmoqda. Koronavirus pandemiyasi boʼyicha vaziyat ijobiy tomonga oʼzgaradigan boʼlsa, sohaga ixtisoslashgan bir guruh fargʼonalik tadbirkorlar unda ishtirok etishni maqsad qilishgan. Yangi hamkorlar topish va oʼzaro manfaatli kelishuvlarga erishishda bunday koʼrgazmalar faoliyati muhim ahamiyatga ega.

Axborot xizmati

Tugmani bosing Tinglash