Welcome to Farg'ona Viloyati Statistika Boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Farg'ona Viloyati Statistika Boshqarmasi Powered By GSpeech

Farg’ona viloyati hokimi Shuhrat G’aniev Beshariq tumani “Chinobod” mahalla fuqarolar yig’inida ommaviy sayyor qabul  o’tkazdi. Unda sektor rahbari, viloyat tashkilotlari boshliqlari ishtirok etib, hudud aholisining murojaatini o’rgandi. Aholini qiynayotgan muammolar xususida suhbatlashdi

Viloyat hokimining navbatdagi sayyor qabuli uchun joy - “Chinobod” mahalla fuqarolar yig’ini tanlagani bejiz emas. Viloyatning olis va chegaradosh hududi sanalgan mazkur mahalla fuqarolar yig’inida  bugungi kunda 5 mingdan ortiq aholi istiqomat qilib kelmoqda. Bu erning aholisi dehqonchilikda yaxshi tajribaga ega. Ayniqsa, bu qishloq ahli qovun etishtirish va uni saqlashda juda ham mashhur. Joriy yilda  hududdagi 18-maktabgacha ta’lim muassasasi 2 milliard 400 million so’mlikdan ortiq mablag’ evaziga butunlay yangitdan qurildi. Ko’plab ko’chalarning ichki yo’llari asfalt qilinib, ichimlik suvi tortildi. Bugun qo’shni Tojikistondan tashrif buyurayotgan mehmonlar qishloqda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko’rib, havas qilayotgani ham ayni haqiqat.

Viloyat boshqarma va tashkilotlarining mas’ullaridan iborat ishchi guruhlar mazkur mahalla fuqarolar yig’inining har bir xonadonida bo’lib, aholi bilan muloqotda bo’ldi. Uyma-uy o’rganishlar va muloqot chog’ida 135 ta xonadonga kirildi. Aholi tomonidan bir qator muammolar bildirilib, ularni hal etish tadbirlari ko’rildi. Shuningdek, kam ta’minlangan oilalar, yolg’iz keksalar, bemor xolidan xabar olindi.

Viloyat hokimi Shuhrat G’aniev mazkur qishloqda O’zbekiston, Furqat va Beshariq tumani fuqarolari uchun sayyor qabul o’tkazdi. Sayyor qabul davomida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 49 ta turli mazmundagi murojaatlar tushdi. Shundan 11 tasi joyida hal etildi, qolgani esa tegishli mas’ullar tomonidan qonuniy tushuntirishlar o’tkazilib, mutasaddilarga ko’rsatma va topshiriqlar berildi.

Mazkur mahalla fuqarolar yig’inida yashovchi Cho’lponoy Mo’ydinova yolg’iz ikki farzandni tarbiyalamoqda. Uning uyi ta’mirga muxtoj edi. Viloyat hokimligining ko’magida 2 xonali yangi uy qurilishiga kirishildi. Viloyat hokimi Sh. G’aniev mazkur xonadonda bo’ldi, Ch. Mo’ydinovaga tikuv mashinasi va oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi. 

Shuningdek qabul davomida 3 nafar nogironligi bo’lgan fuqaroga nogironlik aravachasi taqdim qilindi.

Manba: FARG‘ONA VILOYATI HOKIMLIGI
RASMIY VEB SAYTI

Qoʻqon shahri mezbonlik qilgan birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali juda qizgʻin kechdi. Yuzdan ziyod davlatdan kelgan vakillar bayram shukuhini yanada oshirdi.
 
Aslida ham Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlanganidek, hunarmandchilikning paydo boʻlishi dunyo sivilizatsiyasi rivojida eng muhim va tarixiy qadam ekani yana bir karra isbotini topdi. Hunar barcha xalqlar hayotida muhim oʻrin egallagani bois ushbu tantana nafaqat oʻzbek xalqi balki butun dunyo sanʼat vakillariga ilhom beruvchi makon boʻldi, deya aytish mumkin.
 
Albatta, xalqaro koʻrgazmada oʻzbek va xorijiy xalq amaliy sanʼati ustalari yaratgan ajoyib buyumlar namoyish etildi. Xususan, “Hunarmandchilik va xalq amaliy sanʼati istiqbollariga” bagʻishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada 26 mamlakatdan 36 nafar olim va tadqiqotchi ishtirok etdi. Uning yakunida “Xalq amaliy sanʼati va hunarmandchilikni rivojlantirish boʻyicha Qoʻqon rezolyutsiyasi” imzolandi.
 
Shuningdek, xalqaro tanlovlar, mahorat darslari, moda va dizayn namoyishlari barcha ishtirokchilarga zavq va ilhom bagʻishladi. Bunda esa hunar egalarining chin yurakdan ishlashi, ularning mehnati Oʻzbekistonda yuqori baholanayotgani va sohani rivojlantirish davlat siyosatiga aylanib, yangidan-yangi imkoniyatlar yaratilayotgani tasdigʻini topdi.
 
– Toʻgʻrisi, hozir hayajondaman, bir necha kun davomida juda chiroyli, oʻzgacha shouning guvohi boʻldik, – deydi Belarus madaniyat vazirning birinchi oʻrinbosari Natalya Karchevskaya. – Prezidentingiz Oʻzbekistonning xalq amaliy sanʼati borasidagi imkoniyatini dunyoga juda ajoyib tarzda koʻrsatib berdi. Davlatlarimiz rahbarlarining oʻzaro iliq munosabatlari tufayli oʻzbek-belarus xalqlari oʻrtasida ham aloqalar mustahkamlanmoqda. Biz festival doirasida osh bayramida ham boʻldik. Hammaning kayfiyati koʻtarinki, biz oʻzbek xalqini, qadriyatlarni juda sevamiz. Davlatlarimiz orasidagi masofa uzoq boʻlsada, koʻnglimiz yaqin.
 
Qoʻqon shahriga “Jahon hunarmandlar shahri” maqomi berilishi ham ushbu amaliy harakatlarning natijasidir. 2014-yilda taʼsis etilib, shu kungacha dunyodagi 36 shahar sazovor boʻlgan ushbu unvonning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari orasida birinchi Oʻzbekistonning Qoʻqon shahriga berilgani albatta, har bir yurtdoshimiz qalbida cheksiz faxr-iftixor uygʻotadi.
 
Koʻplab xalqaro madaniyat va sanʼat, milliy hunarmandchilik bayramlari qatorida Qoʻqon shahri mezbonlik qilgan mazkur xalqaro hunarmandchilik festivalining ham nufuzi yildan-yilga yuksalib boradi. Festival fayzi va tarovati yurtimizning barcha hududlari, uzoq-yaqin xorij mamlakatlari boʻylab aks sado berishi, shubhasiz.
 
Zero, birinchi xalqaro hunarmandlar festivali doirasida koʻrik-tanlov ham oʻtkazildi. Unda 76 davlatdan 200 dan ortiq, yurtimizdan esa 1100 dan ortiq hunarmand oʻzining 30 dan ortiq yoʻnalishdagi ishlarini taqdim etgan edi. Har bir hunarmand yaratgan ijod namunalari tanlov nizomi talablariga muvofiq 5 nafar xorijiy hamda 2 nafar mahalliy usta-hunarmandlardan iborat nufuzli hakamlar hayʼati tomonidan xolislik asosida baholandi. Sakkizta nominatsiya boʻyicha 24 nafar gʻolib aniqlandi. Jumladan: “Eng yaxshi hunarmand” nominatsiyasi boʻyicha birinchi oʻrin (7 000 dollar)ni Muhammadali Yunusov (Oʻzbekiston) qoʻlga kiritdi, ikkinchi oʻrin (5 000 dollar)ga Sufion Katri (Hindiston) sazovor boʻldi, uchinchi oʻrin (3 000 dollar)ga Alisher Narzullayev (Oʻzbekiston) munosib deb topildi. Shuningdek, “Eng yosh hunarmand”, “Eng yaxshi hunarmandchilik maktabi ustasi” , “Qadimiy sulola davomchisi”, “Qadimiy hunarmandchilik turini tiklagan hunarmand” , “Eng faol hunarmand” nominatsiyasi gʻoliblari ham aniqlandi.
 
2021-yilda xalqaro festival ikkinchi bor oʻtkazilishini maʼlum qilgan tadbir tashkilotchilari festivalni yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazishga yaqindan yordam bergan YUNESKOning yuqori martabali vakillariga, Jahon hunarmandlar kengashining Osiyo-Tinch okeani, Amerika va Afrika mintaqalari boʻyicha rahbarlariga, xorijiy va mahalliy hunarmandlar hamda barcha ijodiy jamoalarga minnatdorlik bildirdi.
 
Ayni vaqtda festival yakunlangan boʻlsada, xalq sayli bir necha kun davom etishi eʼlon qilindi.
 
OʻzA
O‘rda maydonidagi hunarmandlar shaharchasi bugun yanada gavjum. Xorijlik hunarmandlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar uchun ajratilgan pavilonlardagi ko‘rgazmalar va hunarmandchilik mahsulotlarini tomosha qilarkansiz, inson qo‘li bilan yaratilgan ijod namunalariga tasannolar aytasiz.
 
Xalqaro festivalga mezbonlik qilayotgan Qo‘qon shahri hunarmandlarining hududi ohangrabodek o‘ziga tortadi. Yog‘och o‘ymakorligi namunasi bo‘lgan ayvon o‘ziga xos bezatilgan. Bu yerda betakror hunarmandchilikka ega bo‘lgan shahar qiyofasi o‘z ifodasini topgan.
 
Qo‘qon Buyuk ipak yo‘lida joylashgan shahar bo‘lib, madaniyat va ma’rifat, san’at va hunarmandchilik markazi sifatida mashhur. Nufuzli anjumanni mazkur shaharda o‘tkazilishida o‘ziga xos ma’no bor.
 
Mamlakatimizda o‘ziga xos hunarmandchilik tarixi, maktabi va uslublari mavjud. Bu yerda yog‘och o‘ymakorligi, pichoqchilik, misgarlik, do‘ppido‘zlik kabi hunarlarning o‘ziga xos maktabi bor. Ayni kunlarda milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy san’atini yanada rivojlantirish, hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda shaharda to‘rt yuzdan ziyod hunarmand faoliyat ko‘rsatmoqda. Ilk bor tashkil etilgan xalqaro hunarmandchilik festivaliga qo‘qonlik hunarmandlar tomonidan ham katta tayyorgarlik ko‘rildi.
 
Mashhur yog‘och o‘ymakori Qodirjon Haydarov sulolasi vakillarining ishlariga mansub ko‘rgazmalar barchada katta qiziqish uyg‘otmoqda. Madgaipovlar sulolasi ham mazkur hunar bilan dovruq qozongan. Yosh hunarmand Jamshid Madgaipov tomonidan O‘rda saroyining 1869 yilda qilingan darvozasining nusxasi yaratilib, bu yerda namoyish etilmoqda. 
-Oila a’zolarimiz bilan beshik yasash, uni bezash hunari bilan shug‘ullanib kelmoqdamiz, -deydi Akmaljon Isaqov. - Bu hunar ota-bobolarimdan meros bo‘lib, beshikchilar sulolasining 11- avlodiman. Beshik yasashning ham o‘ziga xos mashaqqati bor. Uni yasashdan tabiiy bo‘yoqlar, yorqin ranglardan foydalanish kerak. Shuningdek, beshik yengil va oson, qulay tebranishi hamda uzoq chidaydigan, mustahkam, pishiq bo‘lishiga ahamiyat qaratish lozim.
 
To‘lqinjon Po‘latov faqat Qo‘qonga xos bo‘lgan matolarni to‘qish bilan shug‘ullanadi. Banoras, beqasam, parposha kabi matolarni to‘qish jarayoni bilan shu yerda tanishish imkoni bor.
 
Ustozodalar zamini bo‘lgan shahar hunarmandlarining har birida azaldan saqlanib kelinayotgan maktabning ildizlarini ko‘rish mumkin. Zero, Qo‘qon jahon hunarmandlari shahri maqomiga ega bo‘lgan go‘zal vodiyning gavharidir.
 
O‘zA
Qo‘qonda tong. Bugun quyosh ham bu hududga o‘zgacha mehr bilan nur sochayotgandek. Ertalabdan ko‘chalarga chiqqan xorijiy mehmonlar qo‘llarida o‘z davlatlarini, hunarmandlar va mahalliy aholi esa O‘zbekiston bayrog‘ini tutgancha tantanali yurishni boshladi. Ya’ni xalqaro ilmiy-amaliy festival qatnashchilarining tantanali yurishlari (parad-shestvie) Xudoyorxon o‘rdasi maydonidan markaz yo‘nalishida harakatlanmoqda. Unda qiziqchilar, jarchilar va xon saroy ayonlari libosidagi aktyorlar jamoasi ishtirokchilarda o‘zgacha kayfiyat, ko‘tarinkilik bag‘ishlamoqda.
 
Xudoyorxon o‘rdasi joylashgan maydondagi Hunarmandlar shaharchasi Xalq sayllari, qo‘g‘irchoqbozlik, dorbozlar folklor jamoalari, viloyatlar madaniyat boshqarmalari tayyorlangan konsert dasturlari bilan o‘zgacha qiyofa kasb etmoqda.
 
Yurishdan keyin barcha ishtirokchilar Jahon hunarmandlar kengashi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha Prezidenti Kadda Kadumi xonimning kitobi taqdimotiga yig‘ilishadi.
 
Bugun o‘z ishining mohir ustalari o‘z qo‘li bilan amaliy san’at buyumlari yasashni istaganlarga mahorat saboqlari namoyishi va trening o‘tkazadi. Bunda Xudoyorxon o‘rdasi joylashgan maydondagi hunarmandlar shaharchasi Rishton, G‘ijduvon, Urgut, Toshkent, Kattabog‘, Madir, Samarqand, Andijon, G‘urumsaroy, Shahrisabz kulolchilik maktablari namoyondalari ishtirok etadi.
 
Kun davomida festival ishtirokchilarini Farg‘ona viloyatini diqqatga sazavor qadimiy va zamonaviy maskanlariga sayyohat kutmoqda. Misol uchun, Marg‘ilon shahriga sayohat, Said Ahmadxo‘ja eshon madrasasida joylashgan Hunarmandlar markazi, Yodgorlik korxonasi hamda kandakor Abdulhamid Madaliev, to‘quvchi Rasuljon Mirzahmedov va Abdunabi Toshtemirov ustaxonalari shular sirasidan. Madrasai Mir, Xo‘jaxon qozi, Xaziniy madaniy meros ob’ektlari Rassomchilik va miniatyura maktablari namoyondalari mahorat saboqlari namoyishi va treninglar ko‘pchilik uchun unutilmas taassurotlar qoldirsa, ajab emas.
 
Festival ishtirokchilari uchun osh tanlovi o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
 
Saytimizni kuzatib boring, birinchi xalqaro hunarmandlar anjumanidan eng qiziq va qaynoq yangiliklarni bilib olasiz. 
 
O‘zA

"QO‘QON SADOSI" GAZETASI XABARIGA KO‘RA
Qo‘qonda Hojibek madrasasi kapital ta’mirdan chiqarilib, Mustaqillik bayrami arafasida ochilish marposimi bo‘lib o‘tdi.


Qo'qon shahridagi Hojibek guzaridagi madrasada loyihada ko‘zda tutilgan bunyodkorlik ishlari nihoyasiga yetib, ko‘rkam holga keltirildi va bugun foydalanishga topshirildi.

Ochilish marosimida shahar nuroniylari, ziyolilar ishtirok etdilar. Tadbirda "Nuroniy" jamg‘armasi raisi Mazrur Abdullayev, shahar bosh imom-hatibi Abdulmajid qori Isaqov va boshqalar so‘z olib, tarixiy yillarda ilm-ma’rifat, ziyo ulashish maskani bo‘lgan bu madrasa kelgusida ham xalqimizga ezgulik yo‘lida xizmat qilishiga tilak bildirdilar. Yaxyoxon domla Dadaboyev barchaga ushbu madrasa tarixi haqida batafsil ma’lumot berdi.

Madrasaning hujralari, xonaqoh va ayvoni saqlanib qolgan bo‘lib, mahoratli ustalar asl holiga mos ravishda ta’mirladilar. Buxoro uslubidagi mehrobi ham qayta tiklandi. Ushbu tarixiy obida Orifxon Jo‘rayev rahbarligidagi “To‘laboy yog‘dusi” MChJ usta-quruvchilari, g‘ishtchi-yu sirchilarining mehnatlari bilan ko‘rkam qiyofa kasb etdi. Bu madrasa rekonstruksiya asnosida asliga mos holda qayta tiklandi. Ziyorat istagida keladiganlar uchun maishiy xonalar (tahoratxona va boshqa) ham qurildi. Madrasa hovlisiga plita yotqizildi, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Ochilish marosimida so‘z olganlar quruvchi-ustalarga minnatdorchilik bildirib, bunyodkorlik va yaratuvchilik ishlarida muvaffaqiyatlar tilashdi. Bir piyola choy ustida suhbatlashib, xalqimizga tinchlik, turmushimizga farovonlik tilab duoga qo‘l ochdilar. Tadbir so‘nggida Qur’on tilovat qilindi.

 

Manba: FARG‘ONA VILOYATI HOKIMLIGI
RASMIY VEB SAYTI

Tugmani bosing Tinglash