Joriy yilning 24-iyul kuni Oltiariq tumanida statistik hisobotlarni topshirishga mas’ul xodimlar ishtirokida seminar tashkil etildi.Seminarda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi bosh yuriskonsulti A. Nurmatov ishtirok etib, hafta davomida qabul qilingan yangi qonun hujjatlari hamda statistika organlari faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar haqida ma’lumot berdi.
Seminarda, avvalo, 2026-yil 23-iyulda qabul qilingan “Ijtimoiy ish to‘g‘risida”gi 1159-son Qonun mazmuni tushuntirildi. Qonunga ko‘ra, ijtimoiy ish sohasidagi munosabatlar huquqiy jihatdan tartibga solinadi. Ijtimoiy ish — ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning imkoniyatlarini oshirish, ularga zarur xizmat va yordam ko‘rsatish orqali jamiyatda ijobiy o‘zgarishlarni ta’minlashga qaratilgan kasbiy faoliyat hisoblanadi.Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya ijtimoiy himoya, xizmatlar va yordam ko‘rsatishda qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirishi ta’kidlandi.
Seminar davomida Prezidentimizning 2026-yil 17-iyuldagi 269-son qarori mazmuni ham tushuntirildi. Mazkur qarorga muvofiq, Buyuk Britaniyaning ilg‘or tajribasi asosida Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida tajriba-sinov tariqasida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi tashkil etiladi.Ushbu oliy maktab xalqaro ta’lim standartlari asosida faoliyat yuritadi, texnikumlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan birgalikda stipendiya mablag‘laridan samarali foydalanish tizimi joriy etiladi.
Bundan tashqari, seminar ishtirokchilariga korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy sertifikatlashtirish tartibi haqida ham ma’lumot berildi. Yangi tartib davlat organlari, davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarida joriy etiladi. Avvalo, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi past, korrupsiyaviy xavf yuqori yoki korrupsiyaga oid jinoyatlar soni oshgan tashkilotlarda ushbu tizim tatbiq etiladi.Sertifikatlashtirish 100 ballik tizim asosida baholanadi. 
Bunda:
81–100 ball — “yaxshi”;
55–80 ball — “qoniqarli”;
55 balldan kam — “qoniqarsiz” deb baholanadi.
Faoliyati qoniqarsiz deb topilgan yoki belgilangan muddatda kamchiliklarni bartaraf etmagan tashkilotlar sertifikat olmagan hisoblanadi. Bu esa tashkilot rahbarlariga rag‘batlantirish to‘lovlarini vaqtincha to‘xtatib turish uchun asos bo‘lishi mumkin.
Axborot xizmati.



