Joriy yilning 5-dekabr kuni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida seminar tashkil etildi. Seminarni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi boshlig‘i Sh. Mamadaliyev ochib, kun tartibiga qo‘yilgan masalalar bo‘yicha o‘z fikr va mulohazalarini bildirib, so‘zni boshqarma bosh yuriskonsulti A. Nurmatovga berdi va kun tartibiga qo‘yilgan masalalar yuzasidan ma’ruza qildi. Chunonchi, 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kuni munosabati bilan “Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” mavzusidagi ma’ruzada O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yaratilishi tarixi, davlatning Asosiy qonuni ekanligi, u davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilishi, 2023-yilning 30-aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida xalqimiz o‘zining yuksak siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashini namoyon etib, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilinganligi, “Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” degan hayotiy shiorning mohiyati va ahamiyati, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida inson huquq va erkinliklari sohasida mutlaqo yangi bosqichga o‘tilganligi, shu va boshqa ma’lumotlar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Bundan tashqari, hammamiga ma’lum 9 dekabr – Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan ma’ruzachi, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni qaror toptirish o‘ta dolzarb masala ekanligi, garchi uni bajarish doirasida mas’ul idoralar belgilangan bo‘lsa-da, uning to‘laqonli ro‘yobga chiqishi uchun har bir inson o‘zida mas’uliyatni his etishi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy Statistika qo‘mitasi tizimida Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari — aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish zarurligi haqida so‘z yuritdi. Statistika qo‘mitasi va viloyat boshqarmasi rahbariyati tomonidan korrupsiyaviy holatlarning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish va unga qarshi kurashish eng ustuvor vazifa etib belgilanganligi, shuningdek, korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish choralarini ko‘rish bo‘yicha qo‘mita va uni tizimida Komplayens nazorat xizmati tashkil etilgankigi haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.




