16/03/2026

Joriy yilning 6-mart kuni yuridik texnikumi talabalari ishtirokida navbatdagi davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda Farg‘ona viloyat statistika boshqarmasi bosh yurist konsulti A.Nurmatov qatnashib, xafta davomida qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmuni-mohiyatini yetkazdi. Unga ko‘ra,  2026-yil 24-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlarini jadallashtirish va ko‘p kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-29-sonli Farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra, uy-joy qurilishini rag‘batlantirish va uy-joyga bo‘lgan huquqni amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishga doir konstitutsiyaviy norma talablarini bajarish, ko‘p kvartirali uylar bozorida talabga muvofiq takliflarni mutanosib ravishda oshirib borish, ko‘p kvartirali uylar qurilishida yer ajratish va ruxsat berish tartib-taomillari jarayonlarini o‘z ichiga oluvchi investitsiya-qurilish davrining davomiyligini 1,5 baravargacha qisqartirish asosiy maqsad etib belgilanganligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda “Yangi O‘zbekiston” massivlari uchun yangi hududlarni tanlab olishning qonunchilikda belgilangan mezonlariga mos keladigan loyihalarga “Yangi O‘zbekiston” massivi maqomini berish orqali ularga amaldagi tartib-taomillar va moliyalashtirish manbalari tatbiq etish, “Yangi O‘zbekiston” massivlarining yo‘l-transport infratuzilmalari loyihalarini ishlab chiqishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, energiya tejovchi uskunalar, muqobil issiqlik tizimlaridan keng foydalanish va “yashil” transport muhiti yaratish haqida tushuncha berildi.

Shu bilan birga 2026-yil 3-mart kungi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi PF-33-son Farmoniga imzo chekildi.

Farmonga ko‘ra, nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish holatlarining (erta nikoh) oldini olishga erishish, moliyaviy mustaqillikka erishgan va oila qurishga har tomonlama tayyor bo‘lgan yoshlar o‘rtasida nikoh tuzishni rag‘batlantirish, ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish tizimini takomillashtirish orqali ularning sonini keskin qisqartirish, nikoh yoshini kamaytirishning aniq (tugal) asoslarini belgilash to‘g‘risidagi taklif ma’qullanganligi, 2027-yildan har ikkala taraf kamida 21 yoshga to‘lganda 1-marotaba nikoh tuzgan yosh oilalar uchun: davlat tomonidan qo‘shimcha imtiyoz va boshqa shakldagi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etish, ushbu oilalar Ijtimoiy reyestrga kiritilganda, oilalar a’zolariga taqdim etiladigan moliyaviy ko‘maklar (subsidiya, ssuda, grantlar) qonunchilikda belgilangan miqdorlardan 1,5 baravarga oshirilgan holda berilishi, nikoh shartnomasini tuzgan nikohlanuvchilar nikohni qayd etish uchun belgilangan davlat bojidan ozod etilishi, voyaga yetmagan shaxslar bilan nikoh tuzishga da’vat etganlik uchun javobgarlik belgilash shu va ma’lumotlar bilan yaqindan tanishtirildi.

Shuningdek, davra suxbatida “Korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz bo‘lish – yoshlarning kundalik hayot tarziga aylanishi shart” mavzusida ma’ruza tinglandi.

 

Axborot xizmati