Farg‘ona shahridagi “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘inida viloyat IIB va Adliya bo‘limi xodimlari hamkorligida davra suhbati tashkil etildi. Unda viloyat statistika boshqarmasi bosh yurist konsulti A. Nurmatov ishtirok etib, dolzarb huquqiy yangiliklar yuzasidan ma’ruza qildi.
Tadbirda ta’kidlanishicha, 2026-yil 24-aprelda qabul qilingan Prezident farmoniga muvofiq, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini yangi tartib asosida ijaraga berish tizimi joriy etilmoqda. Yerlar auksion savdolari orqali ajratilib, ularning boshlang‘ich narxi normativ qiymatning 50 foizi miqdorida belgilanadi. Shuningdek, yirik investitsiya loyihalari uchun yer ajratish jarayonlari soddalashtiriladi.
Shu bilan birga, 2026-yil 29-apreldagi farmon asosida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi talablar joriy etilib, 1-iyuldan boshlab yangi va rekonstruksiya qilinadigan binolar kamida “S” toifaga ega bo‘lishi shart etib belgilandi.
Yana bir muhim hujjatga ko‘ra, hududlarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, sayyohlar uchun qulayliklar yaratish va xorijiy turistlarni jalb etishni rag‘batlantirishga qaratilgan qator imtiyoz va qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etiladi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga ushbu yangiliklar mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi.


Axborot xizmati



