24/07/2025

Joriy yilning 24- iyul kuni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi binosida viloyatda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari va jurnalistlar ishtirokida media-rejaga asosan «2025- yil 2-chorak yakunlari bo‘yicha Farg‘ona viloyatining demografik ko‘rsatkichlari» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Matbuot anjumanida Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Sh. Zokirov ishtirok etdi. Tadbirda joriy yilning 6 oyida Farg‘ona viloyatida doimiy aholi soni 4 181,0 ming kishini tashkil etib, yil boshiga nisbatan 82,3 ming kishiga yoki 2,0 %ga ko‘payganligi, shundan, shahar aholisi soni 2 373,5 ming kishini (jami aholi sonidagi ulushi 56,8 %), qishloq aholisi soni 1 807,5 ming kishi (43,2 %)ni tashkil etganligi, hisobot davrida 1 kvadrat kilometrga oʻrtacha 618,5 kishi toʻgʻri kelganligi, bu esa oʻtgan yilning mos davriga nisbatan solishtirilganda 12,2 kishiga ortganligi, qayd etilgan tirik tugʻilganlar soni 45 957 kishini, har ming aholiga nisbatan tugʻilish koeffitsiyenti 22,3 promilleni, tugʻilganlar soni 2024-yilning mos davriga nisbatan 1 047 nafarga kamayganligi, vafot etganlar soni 8 940 kishini, har ming aholiga nisbatan oʻlim koeffitsiyenti 4,3 promilleni, vafot etganlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 477 nafarga koʻpayganligi haqida keng va atroflicha ma’lumot berildi. Shu bilan birga, Farg‘ona viloyatida mazkur davr mobaynida qayd etilgan nikohlar soni 9 786 birlikni, har ming aholiga nikoh koeffitsiyenti 4,7 promilleni, nikohlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28 birlikka ko‘payganligi, nikohdan ajralishlar soni 2 551 birlik, har ming aholiga nisbatan ajralish koeffitsiyenti 1,2 promilleni, ajralishlar soni 2024-yilning mos davriga nisbatan 181 birlikka ko‘payganligi, Farg‘ona viloyati boʻyicha koʻchib kelganlar jami soni 7 667 kishini, shu jumladan viloyatning boshqa hududlaridan koʻchib kelganlar 7 661 kishini, xorijiy mamlakatlardan koʻchib kelganlar 6 kishini, koʻchib ketganlar jami soni 8 329 kishini, shu jumladan viloyatning boshqa hududlariga koʻchib ketganlar 8 297 kishini, xorijiy mamlakatlarga koʻchib ketganlar 32 kishini tashkil etganligi haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Anjuman so‘ngida ishtirokchilar tomonidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar qaytarildi.

Axborot xizmati.