05/03/2026

 Joriy yilning 27-fevral kuni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida navbatdagi o‘quv-seminari tashkil etildi. Tadbirda Farg‘ona viloyat statistika boshqarmasi bosh yurist konsulti A.Nurmatov qatnashib, xafta davomida qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmuni-mohiyatini yetkazdi. Unga ko‘ra,  joriy yilning 16-fevral kuni “Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi islohotlarni ilg‘or xalqaro amaliyot asosida jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi          PF-25-son Farmoni qabul qilingan, farmonga ko‘ra, Milliy sifat infratuzilmasini rivojlantirishning            2026-yil uchun asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib: barqaror rivojlanish uchun sifat infratuzilmasi indeksida O’zbekiston Respublikasi o‘rnini kamiida 20 pog‘onaga ko‘tarish; xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosi tomonidan e’tirof etilgan kalibrlash imkoniyatlari sonini 2,5 barobarga oshirish; xalqaro darajada tan olingan akkreditatsiya xizmatlari ulushini kamida 80 foizga yetkazish belgilangan.

Shuningdek, O’zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizimidagi O’zbekiston akkreditatsiya markazi Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi. O’zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi faoliyati to‘xtatiladi hamda uning tarkibidagi muvofiqlikni baholash organlari tugatilib, O’zbekiston standartlar instituti unga O’zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazini qo‘shib olish orqali qayta tashkil etiladi. Muvofiqlikni baholash sohasida tadbirkorlarga yengilliklar beriladi. Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan muvofiqlikni baholash sohasida tadbirkorlarga quyidagi yengilliklar joriy etiladi: muvofiqlikni baholash organlari tomonidan akkreditatsiya sohasida ko‘rsatilgan pullik xizmatlar tushumidan ajratmalar 2,5 barobarga kamaytirilib, 2 foiz miqdorida belgilanadi hamda to‘liqligicha O’zbekiston akkreditatsiya markazi ixtiyorida qoldiriladi; tadbirkorlar tomonidan 2 va undan ortiq akkreditatsiyadan o‘tgan holda muvofiqlikni baholash xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan sohada davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ushbu sohada sinov laboratoriyalari va sertifikatlash organlari tashkil etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi; muvofiqlikni baholash organlariga Milliy akkreditatsiya tizimida akkreditatsiya o‘tgan holda eksport bozorlarida talab etilayotgan xorijiy standartlar asosida muvofiqlikni baholash ishlarini o‘tkazishga ruxsat etiladi.

2026/2027 o‘quv yilidan standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash yo‘nalishlarida tahsil olayotgan oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun: “Maxsus stipendiya” ta’sis etiladi; rivojlangan davlatlar, xususan Yevropa Ittifoqining texnik jihatdan tartibga solish (Technical Regulation) tizimini o‘rganish modeli asosida dars soatlari joriy qilinadi; so‘nggi 2 yilni xorijiy universitetda davom ettirishni nazarda tutuvchi "2+2" shaklidagi qo‘shma ta’lim dasturlari ishlab chiqiladi.

Shuningdek, 2026-yil 21-fevral kuni “Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2026-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kelgusi yillar uchun muo‘ljallangan dasturlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi          PQ-70-son Prezident qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

 2026-yil yakuniga qadar: yalpi hududiy mahsulot hajmini 8,1 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 8 foizga oshirish; ishsizlik darajasini 4,2 foizgacha, kambag‘allik darajasini             3,2 foizgacha pasaytirish, Nukus shahri, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlari hamda 109 ta mahallani ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish;

2030-yilga qadar: yalpi hududiy mahsulot hajmini 102,4 trln so‘mga, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini 28,9 trln so‘mga yetkazish hamda sanoat va xizmatlar sohasida jami 7,2 mlrd AQSh dollari ekvivalentidagi loyihalarni amalga oshirish; eksport hajmini 900 mln AQSh dollariga yetkazish.

Urbanizatsiya jarayonlari jadallashtiriladi. Qarorga ko‘ra, Qo‘ng‘irot, Chimboy, Beruniy, Bo‘zatov va Qonliko‘l tumanlarida chorva ozuqasini yetishtirish, saqlash, qadoqlash quvvatlarini ishga tushirish va aholiga yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Endilikda davlat ishtirokidagi korxonalar samaradorligi oshiriladi. Bu borada O’zbekiston Respublikasi Prezidenti 2025-yil 25-fevral kuni “Davlat ishtirokidagi korxonalar va tijorat banklari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-74-son qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, quyidagilar ushbu qarorning asosiy maqsadlari etib belgilandi, jumladan: davlat ishtirokidagi korxonalar va tijorat banklarida (jamiyatlar) korporativ boshqaruv madaniyatini rivojlantirish, uning zamonaviy usullarini qo‘llash, jamiyatlar kuzatuv kengashi tarkibidagi mustaqil a’zolar ulushini 50 foizga yetkazish; 2026-yil yakuniga qadar “O’zbekiston Respublikasi milliy investitsiya jamg‘armasi” AJ (Jamg‘arma) ustav kapitalidagi 30 foizgacha aksiyalar paketining xalqaro va mahalliy fond bozorlarida birlamchi ommaviy taklifini (IPO) o‘tkazish.

Jamg‘armaning ulushi bor bo‘lgan jamiyatlar bo‘yicha: hisoblanadigan dividendlarni jamiyatlar ixtiyorida qoldirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish taqiqlanadi; iqtisodiyotdagi o‘rni va ulushi, moliyaviy natijalari, biznes-reja ko‘rsatkichlari bajarilishi va boshqa muhim axborotlarni o‘z ichiga oluvchi ma’lumotlar Jamg‘arma bilan kelishilgandan so‘ng Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga taqdim etilishi belgilanganligi ma’lum qilindi.

 

Axborot xizmati