10/07/2026

Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2026- yilning 1- iyun holatiga Farg‘ona shahri iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarida barqaror va yuqori o‘sish sur’atlari saqlanib qolmoqda.

Bugungi kunda shaharda faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar soni 7 073 tani tashkil etib, bu hududda tadbirkorlik muhiti kengayib, ishbilarmonlik faolligi izchil rivojlanayotganini ko‘rsatadi.

 Hisobot davrida shaharda 4 trln 663,3 mlrd so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Sanoat ishlab chiqarishining fizik hajm indeksi 107,2 foizni tashkil etib, tarmoqda mahsulot ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sganini tasdiqlaydi.

Xizmatlar sohasi shahar iqtisodiyotining asosiy drayverlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Joriy yilning yanvar–may oylarida xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan 5 trln 981,2 mlrd so‘mlik bozor xizmatlari ko‘rsatildi. Ushbu ko‘rsatkichning o‘sish sur’ati 123,7 foizni tashkil etib, sohadagi jadal rivojlanishni namoyon etmoqda.

Savdo sohasida ham yuqori natijalar qayd etildi. Xususan, chakana savdo aylanmasi hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 113,4 foizga, ulgurji savdo aylanmasi esa 124,2 foizga yetdi. Bu shaharda iste’mol bozori faolligi va tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiy faoliyati ortib borayotganidan dalolat beradi.

Qurilish sohasi ham iqtisodiy o‘sishning muhim omillaridan biri bo‘lib xizmat qilmoqda. Hisobot davrida qurilish tashkilotlari tomonidan 1 trln 108,4 mlrd so‘mlik qurilish ishlari bajarilib, o‘sish sur’ati 110,2 foizni tashkil etdi. Bu shaharda infratuzilma va ijtimoiy obyektlarni rivojlantirish ishlari izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.

Farg‘ona shahrida sanoat, xizmat ko‘rsatish, savdo va qurilish sohalarida qayd etilgan ijobiy natijalar hudud iqtisodiyotining barqaror taraqqiyot yo‘lidan borayotganini namoyon etmoqda. Mazkur ko‘rsatkichlar aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va shaharning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.