21/08/2026

Joriy yilning 21-avgust kuni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi Turmush darajasi va ijtimoiy soha statistikasi bo‘limi tomonidan Quvasoy shahridagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari ishtirokida seminar tashkil etildi.



Unda “Umumta’lim muassasalarining 1 (umumta’lim) statistika hisoboti”ni to‘ldirish va topshirish tartibi, hisobot ma’lumotlarini shakllantirishda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xatolar hamda ularni oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Seminarda Turmush darajasi va ijtimoiy soha statistikasi bo‘limi boshlig‘i M. Rahimova hamda bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari R. Kodirovalar ishtirok etdi.



Tadbir davomida umumta’lim muassasalarining faoliyatiga oid asosiy statistik ko‘rsatkichlarni hisobotda to‘g‘ri aks ettirish bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi. Jumladan, o‘quvchilar soni va tarkibi, sinflar hamda ta’lim tillari, o‘quvchilarning yosh tarkibi, chet tillarini o‘rganishi, ijtimoiy yordamga muhtoj o‘quvchilar, pedagoglar tarkibi, mashg‘ulotlarning smenaliligi, kompyuter va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlanganlik hamda ta’lim muassasalarining infratuzilmasi bilan bog‘liq ma’lumotlarni kiritish tartibi ko‘rib chiqildi.



Shuningdek, statistik hisobotlarni belgilangan muddatlarda, to‘liq va ishonchli ma’lumotlar asosida taqdim etishning ahamiyati ta’kidlandi. Zero, mazkur ma’lumotlar hududdagi ta’lim tizimining holatini baholash, mavjud ehtiyojlarni aniqlash, muammolarni tahlil qilish hamda kelgusidagi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilash uchun muhim statistik asos bo‘lib xizmat qiladi. Seminar yakunida korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, statistik ma’lumotlarni shakllantirishda xolislik, haqqoniylik va shaffoflik tamoyillariga rioya etish yuzasidan ham zarur tavsiyalar berildi.

Tadbir ishtirokchilarining savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berilib, hisobotlarni sifatli va to‘g‘ri shakllantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi.