27/08/2026

 Ta’lim tizimida to‘g‘ri va ishonchli statistik ma’lumotlarni shakllantirish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda Rishton tumanidagi umumta’lim muassasalari mas’ullari ishtirokida “1-umumta’lim” statistik hisobotini yuritish va topshirish tartibiga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.



 26-avgust kuni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasining Aholi turmush darajasi va ijtimoiy soha statistikasi bo‘limi tomonidan tashkil etilgan seminarda hisobot shaklini to‘ldirish, ma’lumotlarni to‘g‘ri jamlash va ko‘rsatkichlarni belgilangan tartibda aks ettirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.



 Shuningdek, hisobotlarni shakllantirish jarayonida uchrashi mumkin bo‘lgan xatolar, ma’lumotlarni tayyorlashdagi muammoli holatlar va ularni bartaraf etish yo‘llari misollar asosida tushuntirildi.



 Seminar davomida statistik ma’lumotlarning aniqligi, to‘liqligi va haqqoniyligi ta’lim tizimidagi mavjud holatni xolis baholash, tahlil qilish hamda kelgusidagi vazifalarni belgilashda muhim omil ekani qayd etildi.



 Yakunda hisobotlarni shakllantirishda xolislik, shaffoflik va qonuniylik tamoyillariga qat’iy rioya qilish, korrupsiyaviy holatlar hamda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yuzasidan ham tegishli tushuntirishlar berildi.