Bugun sizlarga Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasida 2026- yilning yanvar–sentabr oylarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holati yuzasidan qisqacha ma’lumot berib o‘taman.
Hisobot davrida boshqarmaga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 58 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 39 tasi yuridik shaxslar, 19 tasi esa jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Kelib tushgan murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratildi. Barcha murojaatlar belgilangan tartibda o‘rganilib, ular bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi hamda murojaat egalariga o‘z muddatida javoblar taqdim etildi.
Jumladan, 52 ta murojaat ijobiy hal etildi, 4 tasi bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berildi, 1 ta murojaatning ijrosi esa ta’minlanmoqda.
Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga qulaylik yaratish maqsadida murojaatlar turli kanallar orqali qabul qilindi. Xususan, murojaatlar ishonch telefoni, elektron pochta, boshqarma rahbariyati va mas’ul xodimlarning shaxsiy qabullari, sayyor qabullar, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish orqali kelib tushdi.
Murojaatlarning mazmuniga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ularning asosiy qismi statistika sohasiga oid amaliy masalalarni qamrab olgan.
Xususan, 17 ta murojaat statistik hisobotlar va kuzatuv so‘rovnomalarini to‘ldirish hamda hisobotlarni taqdim etish, 18 tasi davlat registri bazasi, faoliyat turi va statistik kodlar, 11 tasi viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari va boshqa statistik ma’lumotlarni taqdim etish masalalariga oid bo‘ldi.
Shuningdek, 7 ta murojaat nafaqa hujjatlarini rasmiylashtirish uchun ish staji va ish haqi to‘g‘risidagi arxiv ma’lumotlarini olish, 5 ta murojaat esa ro‘yxatga olish tadbirlari yuzasidan kelib tushdi.
Boshqarmada har bir murojaatni xolis, to‘liq va o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, ko‘tarilgan masalalarga qonuniy yechim topish hamda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga zarur tushuntirish va amaliy ko‘mak berishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Zero, murojaatlar bilan samarali ishlash — aholi va tadbirkorlik sub’ektlari bilan ochiq muloqotni ta’minlash, ularni qiziqtirayotgan masalalarni o‘z vaqtida hal etishning muhim vositalaridan biridir.




